JIZZAX VILOYATI ZARBDOR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Tuman hududida yoʻl belgilari oʻrnatish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash va tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 342-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi «Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 172-son qarori ijrosi yuzasidan Zarbdor tumanida fuqarolarning xavfsizligi va avtotransport vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida, tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining 2026-yil 27-fevraldagi 48/37-364-sonli murojaat xatini koʻrib chiqib, «Yoʻl harakati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida»gi Qonunining 6-, 211- moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining 2026-yil 27-fevraldagi 48/37-364-sonli murojaat xati inobatga olinsin.
2. Zarbdor tumanida fuqarolarning xavfsizligi va avtotransport vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida:
tuman markazidan oʻtuvchi davlat ahamiyatiga ega D-060 avtomobil yoʻlining “Pishagʼar q.-Zarbdor temir yoʼl stantsiyasi-D042 avtomobil yoʼli(56 km.ga chiqish)” avtomobil yoʼlining 16-16.4 km.lar oraligʼida yoʼllariga piyodalar va transport vositalarining ravon harakatlanishi uchun bir dona 4.1.1 (harakatlanish toʼgʼriga), toʼrt dona 3.1 (kirish taqiqlangan), uch dona 3.27 (toʼxtash taqiqlanadi) yoʼl belgilari oʼrnatilishiga;
tuman markazidan oʻtuvchi xalqaro ahamiyatdagi A-376 “Qoʻqon-Jizzax” avtomobil yoʻlining 125-126 km.lar oraligʻiga ikki dona 3.27 (toʻxtash taqiqlanadi) yoʻl belgisi oʻrnatilishiga ruxsat berilsin.
3. Zarbdor tumani Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (B.Safarov) mazkur qarorda belgilangan joylarga yoʻl belgilarining oʻrnatilishini taʼminlasin hamda ushbu hududlarda avtomobillar harakatini nazorat qilib borsin.
4. Tuman hokimligi axborot xizmati (Oʻ.Sulaymanov) va “Zarbdor” gazetasi ushbu qarorni matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda va hokimlik veb saytida eʼlon qilsin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A.Erjigitov hamda tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi U.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi TASHPULATOV B. T
Jizzax viloyati, Zarbdor tumani,
2026-yil 1-aprel,
64-3-49-Q/26-son