XALQ DEPUTATLARI YUQORICHIRCHIQ TUMANI KENGASHINING
Qarori
Yuqori Chirchiq tumanining 2026-yiluchun mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi “Toshkent viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qarori, Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025 yil 26- dekabrdagi 04/1124-sonli murojaat xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Yuqori Chirchiq tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining “Toshkent viloyatining 2026-yil uchun mahalliy budjetini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Yuqori Chirchiq tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 102 757 070,0ming.soʻm va xarajatlari 102 757 070,0 ming.soʻmni tashkil qilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 309 125,0 ming.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar 3-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffisiyentlar 4-ilovaga;
umumdavlat soliqlaridan tuman mahalliy Budjetlariga ajratmalar meʼyori 5-ilovaga;
2026-yil uchun tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasiga 0,7 dan 1,3 gacha qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 7-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 8-ilovaga;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha tuman va shaharlar kesimida yerlari stavkalari kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 9-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Tastanbekov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A. Qoraboyev), tuman soliq inspeksiyasi (D. Yuldashev) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (A. Tastanbekov) hamda Kengashning Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi (G. Oʻtbasarova) zimmalariga yuklatilsin.
Kengash raisi ATEMOV USKENBAY XXX
Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-21-81-10-145-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.