Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini va Devoni xodimlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasi toʻgʻrisida
Bugungi kunda parlamentda sidqidildan mehnat qilib, uning faoliyatiga munosib hissa qoʻshayotgan, saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatishda va xalq manfaatlarini himoya qilishda, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, qonun ijodkorligi va samarali parlament nazoratini amalga oshirishda faollik koʻrsatib, alohida natijalarga erishgan deputatlarni ragʻbatlantirib borish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan tizimli ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ishining samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish hamda qonunchilik tashabbusi huquqidan keng foydalanish, qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklashda parlament hamda deputat nazoratidan faol foydalanish va amaliy natijalarga erishish, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻllarini belgilash borasida parlamentning rolini oshirishga salmoqli hissa qoʻshayotgan, quyi palatadagi ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan deputatlarni ragʻbatlantirish muhim omil hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini va Devoni xodimlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasini koʻrib chiqib, bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini va Devoni xodimlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha komissiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining quyidagi deputatlariga:
Ravshan Aminaddinovich Mamutovga — «Adolatli deputat» maqomini;
Moxira Mirzaxmadovna Xodjayevaga — «Xalqparvar deputat» maqomini;
Kizilgul Ermatovna Kasimovaga — «Mehnatkash deputat» maqomini;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining sobiq deputati Ulikbek Abilayevich Jalmenovga «Faxriy deputat» maqomini berish toʻgʻrisidagi tavsiyasi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga «Adolatli deputat», «Xalqparvar deputat», «Mehnatkash deputat», shuningdek sobiq deputatiga «Faxriy deputat» maqomlarini berish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining muhokamasiga kiritilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-mart,
1857-V-son