XALQ DEPUTATLARI PARKENT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Parkent tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27-, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-son qaroriga muvofiq Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Parkent tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 122 043 790 ming soʻm va xarajatlari esa 122 043 790 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi, shuningdek Parkent tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 575 544 ming soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq belgilanganligi tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 834 978 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 4-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 5-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsientlar 6-ilovaga;
Jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha belgilangan koeffitsientlari 7-ilovaga;
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsientlar 8-ilovaga;
Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsientlar 9-ilovaga;
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha yerlari stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsientlar 10-ilovaga;
Tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 11-ilovaga;
Parkent tumanidagi jismoniy va yuridik shaxslarning 2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalari 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Y. Abduxamidov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A. Toʻlayev), tuman Soliq inspeksiyasi (A. Maxamatov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qarorning ijro etilishini ta`minlash tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Y. Abduxamidov), hamda ijro etilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Parkent tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi (Sh. Abduvoxidov) zimmalariga yuklatilsin.
Sessiya raisi TOʻYCHIYEV NAIMJON YUSUPOVICH
Toshkent viloyati, Parkent tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-89-10-141-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.