XALQ DEPUTATLARI CHIRCHIQ SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Chirchiq shahrining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025 yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli qonuniga va Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/1131-sonli xatini inobatga olib, Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Chirchiq shahar byudjetining 2026-yilgi daromadlari 129,9 mlrd.soʻm va xarajatlari esa 129,9 mlrd.soʻmga belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Chirchiq shahar byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 579,4 mln.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Shahar byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda shahar byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shahar byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 568,1 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
2026-yil uchun shahar byudjetiga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 3-ilovaga;
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 5-ilovaga;
Yuridik shaxslar boʻyicha mol-mulk soliqlari uchun qoʻllaniladigan (minimal qiymat) mutloq miqdorlari 6-ilovaga;
Jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha 2026-yilga belgilangan koeffitsiyentlari 7-ilovaga;
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 8-ilovaga;
Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 9-ilovaga;
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha yerlar stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsiyentlar 10-ilovaga asosan tasdiqlansin.
6. Shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Raxmonov, shahar Iqtisodiyot va moliya boʻlimi Gʻ. Хamidov, shahar soliq inspeksiyasi A. Xamdamov bilan birgalikda, 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari shahar Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarning toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda shahar hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari shahar Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi M. Umarov hamda shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Raxmonov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi M. ABDURAXIMOV
Toshkent viloyati, Chirchiq sh.,
2025-yil 30-dekabr,
VII-20-76-10-150-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.