XALQ DEPUTATLARI TOSHKENT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Toshkent tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida” 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli Qonuni va Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-3-030-10-0-K/24-sonli qaroriga muvofiq hamda Toshkent Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/1117-sonli xatlari hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2025-yil 19-dekabrdagi bayonnomasi va xulosasini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 24-moddalariga asosan, Xalq deputatlari tuman Kengashining VII-chaqiriq, XV-sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʼrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) OʻRQ-1105-sonli Qonuni va Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi qarori hamda Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/1117-sonli xati amalda qoʻllash va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman byudjetining 2026-yilgi daromadlari 116 736 330 ming soʻm va harajatlari 116 736 330 ming soʻm, tuman byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 496 451 ming soʻm, byudjet zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 646 757 ming soʻm miqdorida belgilanganligi inobatga olinsin.
Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan harajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni hamda kechiktirib bo`lmaydigan boshqa harajatlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga hamda tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan harajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
4. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda bir gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 3-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 4-ilovaga muvofiq;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsientlar 5-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha 2026-yilga belgilangan koeffitsiyentlar 6-ilovaga muvofiq;
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar (qishloq hoʻjaligi, elektr stansiyalari, kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari va roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi) 7-ilovaga muvofiq;
Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 8-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha tuman kesimida yerlari stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsiyentlar 9-ilovaga muvofiq;
2026-yilda tuman byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari R. Rixsiyev, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Abduraxmonov), tuman Soliq inspeksiyasi (S. Abduvaliyev):
2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrishlari belgilab qoʻyilsin.
Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, harajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan harajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning harajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va harajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishi;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
6. 2025 yil 25 dekabrdagi “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy byudjetlar va byudjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qaroriga asosan hamda 26 -dekabrdagi Murojaatidan kelib chiqib:
tuman (shahar) mahalliy byudjetlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushadigan tushumlardan viloyat mahalliy byudjetiga qoldiriladigan 20%ning 50%ini tuman daromadlar rejasiga kiritish masalasi yuzasidan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga hamda Toshkent viloyati hokimligiga tegishli murojaat xati kiritilsin.
Natijasi yuzasidan 2026-yilgi tuman byudjeti parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritish masalasi Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga qayta tasdiq uchun kiritilsin.
7. Tuman hokimligi Axborot xizmati (D. Ismoilova), “Diyor ovozi” gazetasi muharririyati (S. Matyoqubov)ga mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror ijrosi tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari B. Abduraxmonovga, tuman Soliq inspeksiyasi boshligʻi S. Abduvaliyevga, nazorati tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari R. Rixsiyevga hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi ERGASHEV SARDORBEK KADIROVICH
Toshkent viloyati, Toshkent tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-63-10-212-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.