XALQ DEPUTATLARI NURAFSHON SHAHRI KENGASHINING
Qarori
Nurafshon shahri 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27 va 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil dekabr oyidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qarori hamda shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimining 2025-yil 26-dekabrdagi 04/1127-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni hamda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda — qaror) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq, Nurafshon shahri byudjetining 2026-yilgi daromadlari 68 726 670,0 ming soʻm hamda xarajatlari 68 726 670,0 ming soʻm miqdorida maʼlumot uchun qabul qilinganligi, shuningdek shahar byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 307 126,0 ming soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Shahar byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda shahar byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shahar byudjeti zaxira jamgʻarmasining hajmi 2026-yil uchun 1 098 583,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha shahar kesimida yuridik shaxslarga yer soligʻi stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsientlar 3-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha shahar kesimida jismoniy shaxslarga yer soligʻi stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsientlar 4-ilovaga muvofiq;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 kvadrat metri uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsiyentlar — 5-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar — 6-ilovaga muvofiq;
shahar mahalliy soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlarining stavkalari qonunchilikda belgilangan miqdorlarda quyidagicha tasdiqlansin:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar — 7-ilovaga muvofiq;
noruda qurilish materiallari (sementdan tashqari) uchun belgilangan qatʼiy stavkalarga qoʻllaniladigan 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyentlar — 8-ilovaga muvofiq;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga qoʻllaniladigan 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyentlar — 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A. Eshbayev hamda shahar soliq inspeksiyasi (J. Sayfiyev) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanishi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari shahar Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishini, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar hamda davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarning toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini;
oʻzlarining hamda tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetalari va shtat jadvallari, shuningdek daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishini;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini va belgilangan maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishini;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishini;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan samarali nazorat oʻrnatilishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda tegishli maʼlumotlarning joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda shahar hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (M. Gʻulomov) hamda shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Eshbayev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi KLICHXANOV ILXOM MAXMUDJONOVICH
Toshkent viloyati, Nurafshon shahri,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-113-10-213-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.