XALQ DEPUTATLARI OHANGARON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Ohangaron tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 6-dekabrdagi 2-4-1161-sonli xatini inobatga olib, Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-26-162-10-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Ohangaron tumani byudjetining 2026-yilgi daromadlari 108,6 mlrd. soʻm va xarajatlari esa 108,6 mlrd. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda viloyat byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 0,0 mlrd. soʻm miqdorida tasdiqlanganligi, shuningdek Ohangaron tumani byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 430,5 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek Ohangaron tumani mahalliy byudjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 222,526 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar, jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutloq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni qoʻllagan holda yer soligʻi stavkalari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsientlar muvofiq tasdiqlansin.
yuridik shaxslar boʻyicha mol-mulk soliqlari uchun qoʻllaniladigan mutloq miqdorlari 5-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha oʻrnatilgan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 6-ilovaga muvofiq;
Ohangaron tumani deputatlari Kengashiga mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda quyidagicha tasdiqlash tavsiya qilinsin:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasiga 0,7 dan 1,3 gacha qoʻllaniladigan koeffitsientlar miqdori 7-ilovaga muvofiq;
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsientlar miqdori 8-ilovaga muvofiq;
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari D. Sadulayev, tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S. Qoʻchqarov), tuman soliq inspeksiyasi (A. Moʻminov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashining “Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari” doimiy komissiyasi (N. Raxmanova) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari D. Sadulayev zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi KUCHIMOVA SHAHLO XATAMOVNA
Toshkent viloyati, Ohangaron tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-97-10-134-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.