XALQ DEPUTATLARI TOSHKENT VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Toshkent viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” OʻRQ-1105-sonli qonuni, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yil 20-oktabrdagi 02-1512-sonli, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari O. Tursunovning 2025-yil 5-noyabrdagi 2-4-6238-sonli, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 3-dekabrdagi 04/984-sonli hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 01/57-1-29236-sonli xatlarini inobatga olib, Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2025-yil 11-noyabrdagi hamda 10-dekabrdagi yigʻilish bayoni va xulosasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʼrisida”gi qonuni (keyingi oʻrinlarda qonun deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qonunga muvofiq, Toshkent viloyati mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 7 439,5 mlrd. soʻm va xarajatlari 7 733,7 mlrd. soʻmni tashkil etganligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda respublika budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 294,1 mlrd. soʻm miqdorida, shundan aksiz soligʻi tushumlari hisobidan ajratiladigan transfertlar 294,1 mlrd. soʻm miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Toshkent viloyatining viloyat budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
viloyatning viloyat budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga;
2026-yil uchun viloyatning viloyat budjeti hamda tuman va shaharlar budjetlariga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 3-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha viloyatning viloyat budjeti bilan tuman va shaharlar budjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Toshkent viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilsin.
viloyatning viloyat budjetidan tuman va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tuman va shaharlar budjetlarining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Viloyatning viloyat budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 40 mlrd. soʻm etib belgilansin hamda 2026-yil uchun tuman va shaharlar budjetlari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Viloyatning viloyat budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 38,9 mlrd. soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil uchun Toshkent viloyatining viloyat budjeti, tuman va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tuman va shaharlar budjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda, tuman va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilishi hamda qoʻshimcha mablagʻlarni shakllantirish viloyatning viloyat budjeti zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
8. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 8-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsientlar tasdiqlansin.
yuridik shaxslar boʻyicha mol-mulk soliqlari uchun qoʻllaniladigan mutlaq miqdorlari 9-ilovaga;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha oʻrnatilgan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 10-ilovaga;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasiga 0,7 dan 1,3 gacha qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 11-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 12-ilovaga;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha tuman va shaharlar kesimida yerlari stavkalari kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 13-ilovaga;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 14-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi 387-sonli qaroriga muvofiq viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (N. Joʻrayev):
respublika budjetidan Toshkent viloyatining viloyat budjetiga oʻtkazib beriladigan daromad prognozining oshirib bajarilgan qismidan 50 foizini 2025-yil 1-dekabr holatiga statistika organlaridan olingan tuman (shahar)lar aholisining jami viloyat aholisi ulushiga muvofiq tuman (shahar)lar budjetlariga belgilangan muddatlarda oʻtkazish choralarini koʻrsin.
10. Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʼallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari O. Tursunov, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (N. Joʻrayev), viloyat soliq boshqarmasi (A. Inagamov) tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
11. Tuman va shaharlar hokimliklari, hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilar 2026-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
12. Viloyat soliq boshqarmasi (A. Inagamov) hududiy soliq organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
13. Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi (O. Bozorov), viloyat soliq boshqarmasi (A. Inagamov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
14. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi (O. Amonov), Boʻsh turgan obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi (I. Shermatov) bilan birgalikda:
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra viloyatda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
15. “Chirchiq Ohangaron” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (B. Qurbonov) va viloyat soliq boshqarmasi (A. Inagamov) tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda viloyatda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
16. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi (A. Abdurazzoqov), Adliya boshqarmasi (A. Dadajanov) viloyatda budjetga hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq budjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
17. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari hamda tuman (shahar) hokimlari Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan budjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, budjetga va davlat maqsadli jamgʼarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
18. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʼri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
19. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi (J. Ismailov) tuman va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda, ushbu tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni budjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Davlat moliyaviy nazorati Inspeksiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi (O. Odilov) budjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda Хalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida axborot berib borish vazifalari yuklatilsin.
21. Viloyat hokimining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi (Gʻ. Sheraliyev), Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Toshkent viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori (O. Begaliyev) Davlat soliq boshqarmasi (A. Inagamov), Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (N. Joʻrayev) bilan birgalikda:
viloyat teleradiokompaniyasi va viloyatdagi boshqa ommaviy axborot vositalarida qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblarini eʼlon qilinishi hamda mazkur qarorni viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlasin.
22. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi M. Gʻaniyev hamda viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari O. Tursunov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi FAYZIYEVA SAYYORA MAVLYANOVNA
Toshkent viloyati,
2025-yil 29-dekabr,
VII-26-162-10-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.