XALQ DEPUTATLARI TOSHKENT VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 95-sonli qarori talablariga asosan Toshkent viloyati hududlarida maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflarini tartibga solish maqsadida, viloyat hokimi oʻrinbosari Sh. Mahmudovning 2025-yil 12-noyabrdagi 6-4-6380-sonli xatini inobatga olib, tayyorlangan qaror loyihasi (regulation.gov.uz) portaliga joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasi muddati 2025-yil 18-dekabrda yakunlandi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat, transport va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2025-yil 17-noyabrdagi yigʻilish bayoni va xulosasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-sonli qarori hamda viloyat hokimi oʻrinbosari Sh. Mahmudovning 2025-yil 12-noyabrdagi 6-4-6380-sonli xati maʼlumot va asos uchun qabul qilinsin.
2. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining 2025-yil 29-oktabrdagi 03-6/17/2337-son xulosa xati, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga berilgan 2025-yil 21-oktabrdagi 10/584-son xulosa xatlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, Sanitar tozalash korxonalari — “Zero Waste” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ va “Toshkent viloyati Toza hudud” DM tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash hamda olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha tariflar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (N. Joʻrayev), viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi (F. Nurillayev) byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning xarajatlar smetasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari boʻyicha belgilangan normativlar asosida zarur mablagʻlar rejalashtirilishi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Viloyat hokimining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi (Gʻ. Sheraliyev), Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Toshkent viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori (O. Begaliyev)ga ommaviy axborot vositalari orqali qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarining yangi tariflari 2026-yilning 1-apreldan boshlab qoʻllanilishi yuzasidan keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Sanitar tozalashga ixtisoslashgan “Zero Waste” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ va Toshkent viloyati “Toza hudud” DM korxonalari dispetcherlik xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga tasdiqlansin.
7. “Zero Waste” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ va Toshkent viloyati “Toza hudud” DM hududlarda maishiy chiqindi xizmatlari uchun yangi toʻlov tariflari 2026-yilning 1-apreldan kunidan boshlab qoʻllanishi yuzasidan xar bir mahallada targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsin.
8. Mazkur qaror 2026-yilning 1-apreldan boshlab kuchga kiradi.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat, transport va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi A. Xudayberganov, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari O. Tursunov hamda viloyat hokimining oʻrinbosari Sh. Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi FAYZIYEVA SAYYORA MAVLYANOVNA
Toshkent viloyati,
2026-yil 24-mart,
VII-30-33-10-0-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.