XALQ DEPUTATLARI PAXTAKOR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Paxtakor tumanida 2025-yil vegetatsiya davri uchun belgilangan yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv-tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab:
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv istʼemoli tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 31-bandida “Suv olish limitlari: Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi buyrugʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining prognozi asosida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari buyruqlari hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi” deb, 36-bandi 2-xatboshisida suv olish limitlari va ularni belgilash tartibiga “Manbalarda suv hajmi kamaygan yoki koʻpaygan holatlarda suv olish limitlariga, yuqori vakolatli tashkilotning ruxsati bilan, suvdan foydalanish yoki suv istʼemoli rejasi parametrlariga oʻzgartirish kiritilmasdan, darhol oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin” ekanligi, 37-bandida “Suvdan foydalanish va suv isteʼmol qilishning belgilangan davri tugagandan keyin ikki oy muddatda vakolatli tashkilotlar tomonidan, manbalardagi suvning haqiqiy miqdorini hisobga olingan holda, oʻtgan davr uchun suv olishning uzil kesil limitlari tasdiqlanadi” deb belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 30-oktabrdagi 187-son hamda “Sirdaryo-Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2025-yil 3-noyabrdagi 177-son bayoniga asosan, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 37-bandiga muvofiq tumanda 2025-yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
Tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida manbalardan kutilgan suvlilik nisbatan ortiq boʻlib, 164,3 mln. metr3 suv tuman chegarasiga qabul qilib olingan.
Xoʻjaliklararo tarmoqlarning foydali ish koeffitsiyenti 84,5 foiz, ichki sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 73 foizni tashkil etib, isteʼmolchilarga 138,9 mln. metr3 ajratilgan limitdan 124,6 mln. metr3 sugʻorish uchun, 14,3 mln. metr3 suv kommunal va baliqchilik ehtiyojlari uchun ajratilgan.
Shundan, tuman boʻyicha fermer xoʻjaliklar, MChJ va baliqchilik xoʻjaliklariga 129,8 mln. metr3, dehqon xoʻjaliklariga 6,6 mln. metr3 va MFYlarga 2,5 mln. metr3, jami 138.9 mln. metr3 suv olish limitlari qayta taqsimlanib chiqildi. Limitlarni taqsimlashda isteʼmolchilarning sugʻorish mavsumida foydalangan suviga nisbatan qayta hisoblab chiqildi.
Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori A.Avazovning axborotini tinglab, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-martdagi 82-sonli qarorlari ijro uchun qabul qilinsin.
2. Paxtakor tumani hokimligining 2026-yil 4-martdagi 07-15-sonli xati, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori A.Avazovning axboroti, 2026-yil 28-fevraldagi 139-sonli xatlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Paxtakor tumanida 2025-yil vegetatsiya davri uchun belgilangan yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari ilovalarga muvofiq qayta tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari M.Kubayev va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (A.Avazov)larga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
hududlarda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
tumandagi fermer xoʻjaliklari, klasterlar hamda boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish yuzasidan muntazam ravishda uchrashuv va davra suhbatlari oʻtkazish hamda mazkur Farmon va qarorlar hamda undan kelib chiqadigan vazifalar, berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, ushbu texnologiyalarning samaradorligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni berib borishni tizimli davom ettirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
suv limitlarining oʻzgarganligi boʻyicha isteʼmolchilarni oʻz vaqtida xabardor qilish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga har chorak yakuni bilan hisobotlarni taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
4. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan xalq deputatlari Paxtakor tumani Kengashining 2025-yil 28-martdagi VII-7-57-3-52-K/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Paxtakor tumani Kengashining “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari” boʻyicha doimiy komissiyasi (A.Avazov) zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi SUVANQULOV SHOHHASAN MUHAMMAD OʻGʻLI
Jizzax viloyati, Paxtakor tumani,
2026-yil 27-mart,
VII-24-42-3-52-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.