XALQ DEPUTATLARI BOGʻOT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Bogʻot tumani hududidagi Obodonlashtirish boshqarmasiga biriktirilgan avtoturargohlar, tuproq koʻchalarni shagʻallashtirish va taʼmirlash tadbirlari hamda koʻrsatiladigan obodonlashtirish va maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflarining miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarorning 7.v-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir oy muddatda obodonlashtirish boshqarmalariga biriktirilgan hududlardagi mavjud avtoturargohlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va 2026-yil 1-aprelga qadar barcha avtoturargohlarga avtomototransport vositalarining kirishini (chiqishini) nazorat qiluvchi avtomatlashtirilgan tizim oʻrnatilishini taʼminlash koʻrsatib oʻtilgan. Bunda hokimliklar shartnoma asosida foydalanishga berilgan avtoturargohlar 2026-yil 1-yanvardan boshlab faqatgina tegishli obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan foydalanilishi choralarini koʻrishi, xizmat koʻrsatiladigan avtoturargohlarning tarif(narx)larini tuman hokimliklari tomonidan xalq deputatlari tuman Kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritish belgilangan.
Qarorning 8.a-bandida 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tumanlar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat berilgan. Bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tumanlar hokimliklari tomonidan Xalq deputatlari tumanlar Kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritilishi;
8.b-bandida mahalla fuqarolar yigʻini buyurtmasi asosida homiylik mablagʻlari hisobidan ichki koʻchalardagi mavjud tuproq koʻchalarni shagʻallashtirish hamda taʼmirlash tadbirlarini obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan. Bunda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan mazkur vazifalarni amalga oshirishda har yil uchun tasdiqlanadigan dasturlarning bajarilishi kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
8.v-bandida budjet tashkilotlarining hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish (mavsumiy gul koʻchatlari ekish, gazon yotqizish, sugʻorish tizimlarini tashkil etish) tadbirlarini budjet tashkiloti va obodonlashtirish boshqarmalari oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilishi belgilangan.
Kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Bogʻot tumanidagi Obodonlashtirish boshqarmasiga biriktirilgan avtoturargohlardan foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflari1-ilovaga muvofiq;
Bogʻot tumanida maishiy chiqindilar, agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) hamda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish obodonlashtirish ishlari uchun majburiy toʻlov tariflari 2-ilovaga muvofiq;
Bogʻot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan mahalla fuqarolar yigʻini buyurtmasi asosida homiylik mablagʻlari asosida ichki koʻchalardagi tuproq yoʻllarni shagʻallashtirish va taʼmirlash uchun narxlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari - tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi (M.Bekchanov) hamda xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi (B.Saparov) zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi ROʻZMATOV KAMOL BALTABOYEVICH
Xorazm viloyati, Bogʻot tumani,
2026-yil 26-fevral,
VII-28-32-12-170-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.