Xalq deputatlari Xatirchi tumani Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-5-sonli qarorining ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorining ijrosini ta'minlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni tashkillashtirish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari har yili 1-oktyabrga qadar novegetatsiya davri uchun va 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʻmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilanganligi boʻyicha tartibga koʻra taqdim etilgan maʻlumotlarni Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya bo'yicha doimiy komissiyasi yig'ilishi muhokamasida bildirilgan takliflarni eʻtiborga olib hamda xalq deputatlari tuman Kengashining O'zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhining tashabbus va takliflarini inobatga olib, O'zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan, Xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qo'shimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi 38-bandiga asosan qishloq xoʻjaligi yerlarini sug'orish va baliqlarni yetishtirish (oʻstirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi, shujumladan dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 110 soʻm etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Xatirchi tumani “Suv etkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan 2025-2026-yillar novegetatsiya davri uchun tuman chegarasidan olinadigan 91.46 mln. m3 suv olish limitlarini, kanallardagi suv yo'qotishlarni inobatga olib 20 foizga kamytirgan holatda 545 ta iste'molchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari hududlar kesimida ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tumandagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi suv isʻtemolchilariga iste'mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi Xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
5. Tuman hokimligi Axborot xizmati (Z. Neʼmatov) mazkur qarorni tasdiqlangandan keyin tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga va tuman “Xatirchi xayoti” gazeta tahrirriyati tumanning mahalliy gazetasida e'lon qilinishini nazoratga olsin.
6. Mazkur sessiya qarorini ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Xatirchi tumani Kengashining Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi I. MUSTAFOYEV
Navoiy viloyati, Xatirchi tumani,
2026-yil 11-fevral,
VII-16-16-5-77-K/26-son