XALQ DEPUTATLARI QIZILTEPA TUMANI KENGASHINING
qarori
Qiziltepa tumani hududida 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik hamda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining tegishli moddalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-sonli farmonining 4-bandiga muvofiq, tuman Soliq inspeksiyasining “tuman hududida 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik hamda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar” loyihasi boʻyicha kiritgan taklifi muhokama qilinib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6- va 24-moddalari hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 11-fevraldagi DKQ03-01/7-26-sonli qaroriga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-sonli farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining tegishli moddalari hamda tuman Soliq inspeksiyasining 2025-yil 13-dekabrdagi 16-18078-sonli xati maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda 2026-yil uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun Soliq kodeksining 445-moddasi bilan oʻrnatilgan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 1-ilovaga muvofiq;
2026-yil uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffisiyentlar miqdori 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Xalq deputatlari tuman Kengashiga 2026-yilning 20-dekabriga qadar keyingi soliq davri uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun soliq stavkalarini belgilangan tartibda soliq organlariga kiritsin.
4. Tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari (A. Umedov) hamda “Yangi Qiziltepa” gazetasi tahririyati (Sh. Shomurodov)ga:
tuman boʻyicha 2026-yil uchun soliqlarni hisoblashda qoʻllaniladigan eng kam qiymat boʻyicha maʼlumotlarni “Yangi Qiziltepa” gazetasida hamda tuman hokimligining rasmiy veb saytida eʼlon qilsin.
5. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (N. Hayitov) hamda xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh. Islomov) zimmalariga yuklansin.
Kengash raisi U. BOBOJONOV
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani,
2026-yil 16-fevral,
VI-17-10-5-72-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.