QASHQADARYO VILOYATI NISHON TUMANI HOKIMINING
QARORI
Nishon tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
“Taʼlim toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasi (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2020-yil, 03/20/637/1313-son) va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʼrta taʼlim toʼgʼrisida”gi Nizom (Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʼplami, 2017-yil, 11-son, 167-moddasi)ning 39-bandi hamda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʼlimining 2025-yil 10-dekabrdagi 01/1239-son xatiga asosan tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi qonunining (Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 320-moddasi) 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Nishon tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (M. Hamroyev), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (A. Davronov) hamda tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
3. Tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblansin.
4. Mazkur qaror tuman hokimlikning https://gov.uz/oz/nishontuman rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Mazkur qaror qabul qilinishi bilan Nishon tuman hokimining 2024-yil 31-maydagi 213-4-65-Q/24-sonli qarori oʼz kuchini yoʼqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari M. Hamroyev zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi B. TOGʻAYEV
Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani,
2026-yil 13-yanvar,
5-4-65-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.