XALQ DEPUTATLARI SHAHRISABZ SHAHAR KENGASHINING
qarori
Shahrisabz shahrining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti toʻgʻrisida” 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105 son Qonuni, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi “Qashqadaryo viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida” VII-20-218-4-0-K/25 Qarori hamda Qashqadaryo viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01/20-10/01-38/3440-sonli xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6, 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Shahrisabz shahar kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi “Qashqadaryo viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-20-218-4-0-K/25-son Qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qarorga muvofiq Shahrisabz shahar mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 117.04 mlrd.soʻm va xarajatlari 117.04 mlrd. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Shahrisabz shahar 2026-yilga rivojlantirishning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognoz koʻrsatkichlari hamda 2027-2028-yilga moʻljallari 1-ilovaga;
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahar budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga;
Shahrisabz shahar budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 3-ilovaga;
2026-yil uchun Shahrisabz shahar budjetiga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shahar budjetlarining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Shahar budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1042.4 mln. soʻm etib hamda 2026-yil uchun shahar budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
6. Shahar budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1687.5 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan shaharlar budjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda shahar budjetining zaxira jamgʻarmalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilishi hamda qoʻshimcha mablagʻlarni shakllantirish viloyatning viloyat budjeti zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
7. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 8-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar 9-ilovaga;
2026-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 10-ilovaga;
2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkasiga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 11-ilovaga;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalq deputatlari shahar Kengashi mahalliy budjet prognozlarini inobatga olib, mazkur qarorning 7 va 8-ilovalariga asosan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarga nisbatan tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi (A. Uzoqov), Soliq inspeksiyasi (Sh. Temirov) shahar hokimligi bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Shahar hokimligi, budjet mablagʻlari taqsimlovchilar 2026-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
10. Shahar Soliq inspeksiyasi (Sh.Temirov) soliq organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazgan holda soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
11. Majburiy ijro byurosi, Soliq inspeksiyasi (Sh. Temirov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
12. Barcha tegishli tashkilotlarga:
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra,shaharda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
13. Shahar soliq inspeksiyasi (Sh. Temirov) shahar hokimligi bilan birgalikda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishi hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
14. Xalq deputatlari shahar Kengashi hamda shahar hokimi oʼrinbosari (A. Uzoqov) Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan budjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
15. Shahar budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
16. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish qoʻmitasi Shahrisabz shahar boʻlimi shahar hokimligi bilan birgalikda tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda ushbu tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni budjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
17. Shahar hokimligi Axborot xizmati (G. Uzoqova) Davlat soliq inspeksiyasi (Sh. Temirov), Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S. Eshboboyev) bilan birgalikda boshqa ommaviy axborot vositalarida Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini tashkil etsin.
18. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda shahar hokimligining rasmiy veb-saytida joylashtirilsin.
19. Xalq deputatlari Shahrisabz shahar Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-04-019-4-209-K/24-sonli qarori 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari” boʻyicha doimiy komissiyasi raisi J. Karimov hamda shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A. Uzoqov zimmasiga yuklatilsin.
21. Ushbu qaror 2026-yil 1-yanvar kunidan boshlab kuchga kiradi.
Sessiya raisi N. UZAKOV
Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahar,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-140-4-209-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.