XALQ DEPUTATLARI DEHQONOBOD TUMANI KENGASHINING
qarori
Dehqonobod tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105 son Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yil 20-oktabrdagi 02-1518-sonli hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 01/57-1-29242-sonli xatlarini hamda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-20-218-4-0-K/25-somli qarorini inobatga olib, Xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq, Dehqonobod tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 119.6 mlrd. soʻm va xarajatlari 119.6 mlrd. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Dehqonobod tumanining viloyat budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
Tumanning tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga;
2026-yil uchun tumanning tuman budjeti hamda tuman budjetiga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 3-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha viloyatning viloyat budjeti bilan tumanlar va shaharlar budjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Qashqadaryo viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tumanlar va shaharlar budjetlarining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 4-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Tumanning tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 982.0 mln. soʻm 5-ilovaga muvofiq belgilansin.
6. Tumanning tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1.4 mlrd. soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil uchun Dehqonobod tumanining tuman budjetiining zaxira jamgʻarmsi tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar budjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
7. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 6-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar 8-ilovaga;
2026-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 9-ilovaga;
2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkasiga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 10-ilovaga;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari mahalliy budjet prognozlarini inobatga olib, mazkur qarorning 7 va 8-ilovalariga asosan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarga nisbatan tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi (U. Usmonov), tuman soliq inispeksiyasi (S. Jovliyev) tuman hokimligi bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
10. Tuman hokimligi, hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilar 2026-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
11. Tuman soliq inispeksiyasi (S. Jovliyev) hududiy soliq organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
12. Majburiy ijro byurosi Dehqonobod tuman boʻlimi (L. Nuroliyev), Tuman soliq inispeksiyasi (S. Jovliyev) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
13. Tuman ichki ishlar boʻlimi (I. Nomozov), Adliya boʻlimi (D. Xusanov) tumanda budjetga hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq budjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
14. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi (N. Ismonov) budjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida axborot berib borish vazifalari yuklatilsin.
16. Tuman hokimligi Axborot xizmati (T. Yusupov), tuman soliq inispeksiyasi (S. Jovliyev), Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (F. Nurmatov) bilan birgalikda tumandagi ommaviy axborot vositalarida, hokimlik muassisligidagi gazetalarda Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
17. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
18. Xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi “Dehqonobod tumanining 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-4-017-4-57-K/24-sonli qarori 2026-yil 01-yanvardan oʻz kuchini yo ʻqotgan deb hisoblansin.
19. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
20. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi B. Mengliyev hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi U. Usmonovlar zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi SH. SHOKIROV
Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-149-4-57-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.