XALQ DEPUTATLARI MUBORAK TUMANI KENGASHINING
qarori
Muborak tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida” 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-20-218-4-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yil 20-oktyabrdagi 02-1518-sonli hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 01/57-1-29242-sonli xatlarini inobatga olib, Oʼzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Muborak tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq, Muborak tumani mahalliy byudjetining 2026-yilgi daromadlari 88 711.8 mln. soʻm va xarajatlari 88 711.8 mln. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
Muborak tumanining 2026-yilga rivojlantirishning makroiqtisodiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
Muborak tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga;
tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini oluvchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 3-ilovaga;
2026-yil uchun tuman byudjetiga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 4-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha viloyatning viloyat byudjeti bilan tumanlar va shaharlar byudjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Qashqadaryo viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Tuman byudjetining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Tuman byudjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori miqdori 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
6. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1.0 mlrd. soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil uchun tuman byudjetlarining zaxira jamgʻarmasi tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar byudjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda tuman byudjetining zaxira jamgʻarmalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilganligi inobatga olinsin.
7. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 8-ilovaga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar 9-ilovaga;
2026-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 10-ilovaga;
2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkasiga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 11-ilovaga;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalq deputatlari tuman Kengashi mahalliy byudjet prognozlarini inobatga olib, mazkur qarorning 6 va 7-ilovalariga asosan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarga nisbatan tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʼi N. Luqmonov, tuman soliq inspeksiyasi (O. Shomurodov) tuman byudjet tashkilotlari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Tuman Iqtisodiyot va moliya, byudjet mablagʻlari oluvchilarga 2026-yil uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy byudjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda byudjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
10. Tuman soliq inspeksiyasi (O. Shomurodov)ga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida byudjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
11. Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi (S. Sharipov), tuman soliq inspektsiyasi (O. Shomurodov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini byudjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi (A. Rustamov) boʻsh turgan obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi (S. Toshev) bilan birgalikda:
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra tumanda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
13. Muborak tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (N. Sharipov) va tuman soliq inspektsiyasi (O. Shomurodov) tumandagi aloqador tashkilotlar bilan birgalikda tumanda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy byudjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
14. Tuman ichki ishlar boʻlimi (F. Toyloqov), Adliya boʻlimi (Z. Xoʻjamov) tumanda byudjetga hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq byudjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
15. Xalq deputatlari tuman Kengashi Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan byudjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, byudjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
16. Tuman maxalliy byudjetdan mablagʻ oluvchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
17. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish qoʻmitasi tuman boʻlimi (X. Egamberdiev) bilan birgalikda tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda, ushbu tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni byudjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
18. Tuman hokimligi Axborot xizmati (I. Maxmudov), Davlat soliq inspeksiyasi (O. Shomurodov), Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Sodiqov) bilan birgalikda hokimlik muassisligidagi gazetalarda Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
19. Xalq deputatlari Muborak tumani Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-4-026-4-64-K/24-sonli qarori 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
20. Mazkur qaror tegishli tartibda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
21. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Sh. Boyniyozov hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʼi N. Luqmonovlar zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi Gʻ. MURODOV
Qashqadaryo viloyati, Muborak tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-174-4-64-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.