XALQ DEPUTATLARI NISHON TUMANI KENGASHINING
qarori
Nishon tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga muvofiq, Xalq deputatlari Qashadaryo viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi “Qashqadaryo viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-20-218-4-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi 01/57-1-29242-sonli xatlarini inobatga olib, Xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) hamda Xalq deputatlari Qashadaryo viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi “Qashqadaryo viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-20-218-4-0-K/25-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq, Nishon tuman mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 110 343 655,0 ming soʻm va xarajatlari esa 110 343 655,0 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Nishon tumani mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvifiq;
Тuman mahalliy budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq;
2026-yil uchun tuman mahalliy budjetiga tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari 3-ilovaga muvofiq;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha tuman budjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Nishon tumani Gʻaznachilik xizmati boʻlinmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilsin.
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlar boʻyicha belgilanadigan normativlari 4-lovaga muvofiq;
Tuman mahalliy budjetining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Тuman mahalliy budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining 2026-yilda yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 867 786,0 ming soʻm etib, hamda 2026-yil uchun tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
5. Tuman mahalliy budjeti zahira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1499134,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
tuman mahalliy budjetining 2025-yil uchun zahira jamgʻarmalari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantirilsin.
Bunda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tegishli tumanlar va shaharlar budjetlarining zahira jamgʻarmalari ushbu mexanizmlar joriy etilgan yildan oldingi yildagi hajmdan kam boʻlmagan miqdorda shakllantiriladi hamda qoʻshimcha mablagʻlarni shakllantirish tegishli yuqori turuvchi budjetlarning zahira jamgʻarmalari mablagʻlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
6. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 8-ilovaga muvofiq;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlarning 1 m2 uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar 9-ilovaga muvofiq;
2026-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 10-ilovaga muvofiq;
2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkasiga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 11-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 12-ilovaga muvofiq;
yuridik va jismoniy shaxslarning 2026-yil uchun belgilangan limit doirasida yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga nisbatan belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori 13-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari mahalliy budjet prognozlarini inobatga olib, mazkur qarorning 7 va 8-ilovalariga asosan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarga nisbatan tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari S. Xaqnazarov, tuman soliq inspeksiyasi (A. Ashurov) tuman hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
8. Tuman hokimligi hamda barcha masʼul tashkilotlar 2025-yil uchun ajratilayotgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
9. Tuman soliq inspeksiyasi (A. Ashurov) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
10. Majburiy ijro byurosi Nishon tuman boʻlimi (U. Ziyodullayev), tuman soliq
inspeksiyasi (A.Ashurov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar
boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
11. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi (A. Rustamov) Boʻsh turgan obʼektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi (S. Toshev) bilan birgalikda:
boʻsh turgan davlat mulki obʼektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra viloyatda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obʼektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
12. Nishon tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y. Xudoyberdiyev) va tuman soliq inspeksiyasi (A. Ashurov) tumandagi maʼsul tashkilotlar bilan birgalikda tumanda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
13. Tuman ichki ishlar boʼlimi boshligʻi (Sh. Raxmanov), adliya boʻlinmasi boshligʻi (M. Tangriyev)tumanda budjetda hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq mahalliy budjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
14. Xalq deputatlari tuman Kengashi hamda tuman hokimligi hamda maʼsul tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan budjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
15. Tuman mahalliy budjetidan mablagʻ oluvchilar hamda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari Nishon tumani Kengashga hisobot berib borsin.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
16. Nishon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi (Y.Suvonov) tuman hokimligi bilan birgalikda tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda, ushbu tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni budjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Nishon tuman boʻlinmasi (X. Amirqulov) budjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida axborot berib borish vazifalari yuklatilsin.
18. Tuman hokimligi Axborot xizmati (O. Tojiyev), Davlat soliq inspeksiyasi (A. Ashurov), Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (M. Astanaqulov) bilan birgalikda hokimlik muassisligidagi gazetalarda Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishini tashkil etsin.
19. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
20. Xalq deputatlari Nishon tumani Kegashining 2024-yil 27-dekabrdagi “Nishon tumanining 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-5-030-4-65-K/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
21. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi S. Raxmonov hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi S. Xaqnazarov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi B. TOGʻAYEV
Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-157-4-65-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.