SURXONDARYO VILOYATI QIZIRIQ TUMANI HOKIMINING
QARORI
Qiziriq tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunining 27-, 47-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 39-, 41-bandlari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning” maʼmuriy reglamentining 3-, 4-, 8-bandlariga asosan hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 25-moddalariga muvofiq, qaror qilaman:
1. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 8-yanvardagi “Maktab yoshidagi bolalarni majburiy taʼlimga jalb etish maqsadida tumandagi har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini hudud va mikrohududlarga biriktirish toʻgʻrisida”gi 01/43-sonli xati asos va maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qiziriq tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari (Z.Raxmatov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (S.Abdurasulov)ga va tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbarlarining zimmalariga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga 7 yoshga toʻladigan yilda toʻliq qamrab olish;
oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan doimiy monitoring olib borish;
monitoring natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Belgilansinki, tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Qiziriq tuman boʻlimi (X.Xudoynazarov)ga va mahalla fuqarolar yigʻini raislariga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qamrab olish jarayonida tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror “Taraqqiyot” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Z.Raxmatov va tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri S.Abdurasulov zimmalariga yuklatilsin.
Tuman hokimi SH. Y. ALLAMUROTOV
Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani,
2026-yil 13-fevral,
64-8-113-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.