SURXONDARYO VILOYATI MUZRABOT TUMANI HOKIMINING
QARORI
Muzrabot tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bobi hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-son Farmoniga asosan:
budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zahiralari shakllantirilishi, bunda majburiy zahiralash xodimlar umumiy sonining 7 foizidan oshmasligi hamda xodimlari soni 20 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanganligi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tuman hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zahiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda kelgusi yil uchun 87 ta ish oʻrinlarini zahiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 7 foiz (6 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 7 foiz (6 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 71 foiz (62 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 7 foiz (6 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 6 foiz (5 kishi);
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 2 foiz (2 kishi) miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zahiralari shakllantiriladi.
3. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zahira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zahiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zahiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zahiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlashi, bu haqda tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak yakunlangandan soʻng, 10 kun muddatda xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi;
zahiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlarini toʻlab berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-, 13-, 34-, 38-, 39-, 40-, 41-moddalariga asosan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandi, 2-qismiga asosan, muhtojlar uchun ish oʻrinlarini zahiraga qoʻyish boʻyicha tuman hokimining qarori bajarilmaganligi uchun jarima toʻlash tashkilotni zahiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini yaratish boʻyicha majburiyatdan ozod qilmaydi.
8. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (J.Toʻranazarov):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha tuman hokimining ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish taʼminlansin.
9. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb- saytiga joylashtirilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari S.Xolniyozov zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Tuman hokimi MAMATQULOV A. A
Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani,
2025-yil 4-noyabr,
626-8-115-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.