XALQ DEPUTATLARI ELLIKQALʼA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Ellikqalʼa tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalari, Budjet kodeksining 27 va 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining 2025-yil 29-dekabr kungi 88/IX-sonli qaroriga muvofiq hamda tuman hokimi birinchi oʻrinbosarining 2025-yil 19-noyabrdagi 02-410-sonli taqdimnomasini inobatga olib, xalq deputatlari Ellikqalʼa tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining 2025-yil 29-dekabr kungi 88/IX -sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Ellikqalʼa tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 129 mlrd. 537 mln. 692 ming soʻm va xarajatlari esa 129 mlrd. 537 mln. 692 ming soʻmga rejalashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turishi lozim boʻlgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori (aylanma kassa mablagʻlari) 814 mln soʻm etib belgilansin.
3. Tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda 2026-yilda tuman mahalliy budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlariga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek Tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman mahalliy budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 mlrd. 102 mln. 167 ming soʻm miqdorida belgilansin. Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlarining soliq stavkalari toʻgʻrisida tuman hududlari kesimida belgilangan soliq stavkalariga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga, tuman hududi kesimida jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 5-ilovaga, yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suv resurslari uchun belgilangan soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlari 6-ilovaga, noruda qurilish materiallari uchun (sement ishlab chiqarish uchun moʻljallangan ohaktoshdan tashqari) belgilangan soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi B. Alimov, tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi N. Abayev bilan birgalikda 2026-yil tuman mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi B.Alimovga:
shaffoflikni taʼminlash maqsadida, mahalliy budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 25-sanasidan kechiktirmay tegishli rasmiy veb-saytlariga oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida mablagʻlar taqsimotini, davriy moliyaviy hisobotlarini, kapital qoʻyilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosini, oʻtkazilgan tanlovlar (tenderlar) savdolari va amalga oshirilgan davlat haridlari hamda boshqa tegishli maʼlumotlarning joylashtirilib borilishi yuzasidan majburiyatlar yuklatilganligi koʻrsatib oʻtilsin;
davlat moliyaviy nazorati organlari tomonidan moliya yili uchun ish rejalarini moliya yilining birinchi oyida hamda nazorat tadbirlari natijalariga koʻra aniqlangan moliyaviy qonunbuzilishlar va ijobiy natijalar boʻyicha maʼlumotlarni har chorakdan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
tuman mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruktsiya qilish va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har chorak yakunlariga koʻra, keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar tuman hokimligi tomonidan majburiy tartibda oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirsin.
qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlovlar stavkalari, soliq solish tartiblari va boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
koʻrsatib oʻtilgan xarajat turlariga toʻgʻri mablagʻ ajratilganligi va taqsimlanganligiga mablagʻ taqsimlovchilarning javobgarligi oshirilsin.
tuman mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalarining 30 foizidan kam boʻlmagan (ortiq boʻlishi mumkin) miqdorlarini jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishni, veb-saytlarga ularning natijalarini joylashtirishni taʼminlasin.
8. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi B. Alimov va tuman Soliq inspeksiyasi boshligʻi N. Abayev budjet daromadlari va xarajatlari koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlash, soliq bazasini kengaytirish hamda tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatish choralarini koʻrsin.
9. Tuman mahalliy budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlariga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni birinchi navbatda toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi hamda davriy jamlanma moliyaviy hisobotlarni toʻgʻri shakllantirilishi va oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini taʼminlash vazifasi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi B.K. Alimov hamda qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi Sh. Xodjiyevlar zimmalariga yuklatilsin.
11. Tuman hokimligining axborot xizmati rahbari T. Nurimovaga mazkur qarorni tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish vazifasi yuklansin.
12. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi NIYAZIMBETOV VALIJAN BATIRBAYEVICH
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Ellikqalʼa tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-127-13-194-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.