SURXONDARYO VILOYATI BOYSUN TUMANI HOKIMINING
QARORI
Boysun tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni 27-, 47- moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qaroriga 1-ilovga muvofiq tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomning 39-, 41-bandlariga asosan Boysun tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Boysun tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 14-yanvardagi 01-08/41-son “Maktab yoshidagi bolalarni majburiy taʼlimga jalb etish maqsadida tumandagi har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini hudud va mikrohududlarga biriktirish toʻgʻrisida”gi xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Boysun tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Boysun tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (A. Husanov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (E. Abduraximov) va tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga yetti yoshga toʻladigan yilda toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan doimiy monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar choralar koʻrish vazifasi yuklansin.
4. Boysun tumanidagi umumtaʼlim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Boysun tumani boʻlimi boshligʻi (Z. Rahmonov)ga va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qamrab olish jarayonida tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalariga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6. Boysun tuman hokimligi axborot xizmati rahbari (Y. Xoliyorov) mazkur qarorning “Boysun” gazetasida rasmiy eʼlon qilinishi hamda hokimlik rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Husanov hamda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi E. Abduraximov zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tuman hokimi B. SH. SHUKUROV
Surxondaryo viloyati, Boysun tumani,
2026-yil 30-yanvar,
42-8-110-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.