XALQ DEPUTATLARI NAVBAHOR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Navbahor tumanidagi geografik obyektlarga nom berish, koʻchalarni toifalarga ajratish va qayta nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 3-dekabrdagi 03/08-13637-sonli hamda Geografik obyektlarga nom berish va va ularni qayta nomlash toʻgʻrisida takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish Komissiyaning 2025-yil 1-dekabrdagi 05-19-21205-sonli ekspert xulosalarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-, 6-, 10-moddasi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 3-dekabrdagi 03/08-13637-sonli hamda Geografik obyektlarga nom berish va va ularni qayta nomlash toʻgʻrisida takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish Komissiyaning 2025-yil 1-dekabrdagi 05-19-21205-sonli ekspert xulosalari maʼqullansin.
2. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasi majlisining 2024-yil 10-maydagi 35-son bayoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Navbahor tuman hokimligi, Davlat kadastrlari palatasi Navbahor tuman filiali, mahalla boʻlimi masʼullari bilan birgalikda tashkil etilgan xatlovlar natijasida tumandagi mavjud barcha toifadagi nomlanmaga koʻchalar 1301 ta koʻcha ekanligi inobatga olinsin.
3. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasiga, nomuvofiq deb xulosa berilgan 1301 ta geografik obyekt nomini qonun hujjatlari talablari asosida qayta oʻrganishi tavsiya etilsin.
4. Navbahor tumanidagi 1301 ta toifalarga ajratilgan, nomlangan va qayta nomlangan koʻchalar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Kadastrlar palatasi Navbahor tuman filiali (A.Qurbonov) 15 (oʻn besh) kun muddatda xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashining mazkur qarori bilan oʻzgartirilgan geografik obyektlarining nomlarini davlat reyestriga kiritish choralarini koʻrsin.
6. Navbahor tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi (S.Muhammadov), tuman statistika boʻlimi (M.Sanoqulov), Kadastrlar palatasi Navbahor tuman filiali (A.Qurbonov)ga tegishli davlat roʻyxatidan oʻtkazish idoralari bilan birgalikda mazkur qarordan kelib chiqib hisobotlarga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish topshirilsin.
7. Navbahor tuman ichki ishlar boʻlimi (B.Qurbonov) yangi nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan hududlarda aholining fuqarolik pasportlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish ishlarini tashkiliy ravishda amalga oshirsin.
8. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Navbahor tuman boʻlimi (S.Normamatov) bir oy muddatda hududlarda nomlari oʻzgargan geografik obektlarning nomini aholi oʻrtasida keng targʻib etish, belgilangan tartibda zamonaviy koʻrinishdagi (lotin yozuvida) peshlavhalarga yozib, oʻrnatish choralarini koʻrsin.
9. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari (E.Bobonazarov), “Navbahor tongi” gazeta tahririyati (U.Ochilov)ga, mazkur qaror rasman eʼlon qilingandan soʻng, “Navbahor tongi” gazetasida va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashining ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (I.Xujayeva) zimmasiga yuklansin.
11. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sessiyaga raislik qiluvchi QUDRATOV ZOHID MUZAFFAROVICH
Navoiy viloyati, Navbahor tumani,
2026-yil 23-yanvar,
VII-16-2-5-73-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.