XALQ DEPUTATLARI QOʼSHRABOT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Qoʻshrabot tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Samarqand viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01/01.2-38/3955-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Qoʻshrabot tuman Kengashining yettinchi chaqiriq, yigirma ikkinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Qoʻshrabot tuman byudjetining 2026-yilgi daromadlari 115 289,5 mln.soʻm va xarajatlari esa 115 289,5 mln.soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Qoʻshrabot tuman byudjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 874,0 mln.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari1-ilovaga muvofiq hamda tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 482,6 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 3-ilovaga;
Jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) mutloq miqdorda 1 kv.m uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (Q.Xoliqulov), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari (X.Musirmanov), tuman soliq inspeksiyasi (A.Jonuzoqov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Qoʻshrabot Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (S.Boʻbakov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (Q.Xoliqulov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi SHAKARBOYEV DILSHOD DAVRONOVICH
Samarqand viloyati, Qoʻshrabot tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-22-136-7-97-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.