XALQ DEPUTATLARI TOYLOQ TUMANI KENGASHINING
Qarori
Toyloq tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27- va 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga va xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Samarqand viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 25-dekabrdagi (01/01.2-38/3948-son) va Toyloq tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimining 2025-yil 29-dekabrdagi (01/01/2018-son) xatlarini inobatga olib, xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashining oʻn sakkizinchi sessiyasi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2025-yil 25-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Toyloq tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 139 750,5 mln (bir yuz oʻttiz toʻqqiz milliard yetti yuz ellik million toʻrt yuz toʻqson uch ming) soʻm va xarajatlari esa 139 750,5 mln (bir yuz oʻttiz toʻqqiz milliard yetti yuz ellik million toʻrt yuz toʻqson uch ming) soʻm ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi Toyloq tumani mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 969,0 mln (toʻqqiz yuz oltmish toʻqiz million) soʻm etib belgilanganligi hamda tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meyorlari tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman mahalliy budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2025-yil uchun 1 804,1 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan amaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar 3-ilovaga, jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutloq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari-iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A.Sharipov tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari (R.Qahorov), tuman soliq inspeksiyasi (Z.Sindorov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar;
Bunda, hududiy budjet taqsimlovchilari;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni birinchi navbatda toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi hamda davriy jamlanma moliyaviy hisobotlarni toʻgʻri shakllantirilishi va oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasin;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarining toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tassarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayoning ochiqligini taʻminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʻlumotlarni joylashtirib borilishini taʻminlasinlar.
8. Maskur qaror tuman hokimligi axborot xizmati (A.Mirzayev), “Qoʻshchinor” gazetasi tahririyati (M.Yuldashova)lar tomonidan ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohatlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari- iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A.Sharipov zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi RAXMATULLAYEV BEHZOD RAXMATULLAYEVICH
Samarqand viloyati, Toyloq tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-147-7-104-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.