XALQ DEPUTATLARI NARPAY TUMANI KENGASHINING
Qarori
Narpay tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27-, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Samarqand viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01/01.2-38/3956-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Narpay tumani Kengashining yettinchi chaqiriq oʻn sakkizinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-24-191-7-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Narpay tumani byudjetining 2026-yilgi daromadlari 152 327,0 mln soʻm va xarajatlari esa 152 327,0 mln soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Narpay tumani byudjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1 157,0 mln soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 935,2 mln soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 3-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Aliyev), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (F.Sadriddinov) va tuman soliq inspeksiyasi (Z.Turdiyev)lar bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi (U.Namazov) ga, qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Aliyev) zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi XUSANOVA RISOLAT ISMOILOVNA
Samarqand viloyati, Narpay tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-132-7-98-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.