XALQ DEPUTATLARI KONIMEX TUMANI KENGASHINING
qarori
Konimex tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VI-22-165-5-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Navoiy viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01-12/20-01-38/3535-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Konimex tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Konimex tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 74 384,1 mln. soʻm va xarajatlari esa 87 779,3 mln. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda viloyat budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 13 395,1 mln. soʻm miqdorida tasdiqlanganligi, shuningdek Konimex tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 816,4 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 149 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (E. Hazratqulov), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (M. Boranbayev), tuman soliq inspeksiyasi (A. Roʻzimuratov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (E. Hazratqulov) hamda xalq deputatlari Konimex tumani Kengashining mahalliy byudjet, tabdirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Xudayberdiyev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi R. ROʻZIYEV
Navoiy viloyati, Konimex tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-16-138-5-70-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.