XALQ DEPUTATLARI QIZILTEPA TUMANI KENGASHINING
qarori
Qiziltepa tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 99-moddasi, Oʻzbekiston Respublikaning 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining 2025-yil 29 dekabrdagi “Navoiy viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-22-165-5-0-K/25-sonli qarori, Navoiy viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01-12/20-01-38/3536-sonli xati, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari J. Hojiyevning axboroti hamda bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, xalq deputatlari Qiziltepa tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuni hamda xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining 2025-yil 29 dekabrdagi “Navoiy viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-22-165-5-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda — qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” OʻRQ-1105-sonli Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun deb ataladi) muvofiq, Qiziltepa tumani mahalliy budjetining 2026-yil uchun budjet daromadlari 151,4 mlrd. soʻm, xarajatlari ham 151,4 mlrd. soʻm etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2026-yil uchun Qiziltepa tumanini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2027-2028-yillarga maqsadli moʻljallar 1-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Quyidagilar:
Qiziltepa tuman mahalliy budjeti daromadlarining soliq turlari kesimida 2026-yildagi asosiy prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2026-yilgi tuman mahalliy budjetidan budjet tashkilotlari va mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq;
2026-yil uchun tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar meʼyorlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2113,025 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Qiziltepa tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1445,544 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
6. 2025-yil uchun tuman mahalliy budjetining daromadlari va xarajatlarining prognozlari 5-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Qonun bilan 2026-yilda xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni boshqarishda, xususan ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash boʻyicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin.
8. 2026-yilda quyidagi soliq turlari:
a) tuman budjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
aylanmadan olinadigan soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar:
qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushgan tushumlarning (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdtqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilardan tashqari) Qiziltepa tumanida 50 foizi;
b) qonunchilikda belgilangan miqdorlarda quyidagi daromadlar respublika, viloyat mahalliy budjeti va tuman mahalliy budjeti oʻrtasida taqsimlanadi:
davlat bojlari;
jarimalar;
yigʻimlar;
davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushumlar;
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat aktivlarini sotishdan tushadigan tushumlar tegishli ravishda obʼyekt joylashgan tuman mahalliy budjetiga va viloyat budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tushumlarining kamida 50 foizi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno) tuman mahalliy budjetiga oʻtkaziladi.
9. Qiziltepa tuman xalq deputatlari Kengashi:
daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablagʻlarning bir qismini tuman mahalliy budjetiga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berilishga;
xalq deputatlari tuman Kengashi tumanning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarda mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etishga haqliligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (N. Hayitov), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (J. Hojiyev), Soliq inspeksiyasi (D. Murodov) masʼul tashkilotlar bilan birgalikda:
tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarini rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;
mahalliy budjetining prognoz koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish;
budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish;
tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash;
budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
11. Tuman Soliq inspeksiyasi (D. Murodov)ga:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini kuchaytirilishini;
barcha soliq turlaridan doimiy tahlillar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilishini;
Kadastr agentligining tuman boʻlimi bilan birgalikda tumanda mavjud soliq toʻlovchilarning mol-mulklari maydonlarini chuqur tahlil etgan holda ushbu mol-mulklarga nisbatan soliqlarning toʻliq hisoblanishini;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazorati oʻrnatilishini hamda kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazilishini taʼminlash topshirilsin.
Bunda, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targʻib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratsin.
12. Tuman Soliq inspeksiyasi (D. Murodov):
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlarni aniqlash boʻyicha xatlovlar oʻtkazish;
xatlov natijalari boʻyicha aniqlangan noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlar faoliyatini qonuniylashtirish hamda ularni soliq bazasiga qamrab olish;
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida faoliyat olib borayotgan karerlar tomonidan qazib olinayotgan noruda qurilish materiallar hajmining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirish ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
Bunda, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan karyerlarning qazib olish hajmlarini doimiy tahlil qilib borish hamda zarur hollarda qazib olish hajmlarini aniqlashda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan “marksheyderlik” xizmatlaridan foydalanish lozimligi alohida belgilab qoʻyilsin.
13. Majburiy ijro byurosi Qiziltepa tumani boʻlimi tuman Soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlarni koʻrib borsin.
14. Tuman hokimligi jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari boʻyicha joriy hisoblangan soliqlarni hamda ushbu soliqlardan mavjud soliq qarzdorliklarini undirish yuzasidan soliq organlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini samarali tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra tumanda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish;
shakllantirilgan roʻyxatga asosan boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash;
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish yoki sotish boʻyicha ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida roliklar va video-materiallar tayyorlash;
xususiylashtirilishi moʻljallangan boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini “e-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotish ishlarini tashkillashtirish choralarini koʻrsin.
15. Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi:
mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hokimlik tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida budjet qonunchiligiga toʻliq rioya etilgan holda Kengash qarori loyihasini ishlab chiqilishiga;
Kengash qarori asosida mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli foydalanishi ustidan nazorat oʻrnatishga, natijalari boʻyicha tavsiyalar berishga, monitoring qilishga;
mahalliy budjet xarajatlarining qonunchilikda belgilangan qismining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishiga hamda ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirishga masʼul etib belgilansin.
16. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (N. Hayitov), xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati (U. Bobojonov) hamda tegishli tashkilot rahbarlari:
mahalliy budjet daromad va xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar;
ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi yuzasidan erishilgan natijalar boʻyicha xalq deputatlari tuman Kengashiga bir chorakda kamida bir marotaba hisobot kiritib borsin.
17. Tuman hokimligi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
18. Mazkur qaror “Yangi Qiziltepa” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
19. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
20. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish tuman hokiminig birinchi oʻrinbosari (N. Hayitov) hamda xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh. Islomov) zimmalariga yuklansin.
Kengash raisi B. BOBOMURODOV
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-14-104-5-72-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.