XALQ DEPUTATLARI PASTDARGʻOM TUMANI KENGASHINING
Qarori
Pastdargʻom tumanidagi nomsiz koʻchalarga nom berish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-303-son Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish hamda samarali amalga oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasi qaror qiladi:
1. Pastdargʻom tumani hokimligining Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha komissiyasining tumandagi nomsiz koʻchalarni nomlash toʻgʻrisida 2025-yil 10-oktabrdagi 01/26-7024-son yigʻilishi bayoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2025-yil 19-noyabrdagi “Geografik obyektlarga nom berish yoki ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi haqida”gi 05-19-20415-sonli Ekspert xulosasi toʻgʻrisida tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi O.Norimovaning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish ekspert komissiyasining ilovada keltirilgan qonun talablariga muvofiq deb topilgan 723 ta geografik obyekt nomlariga berilgan ekspert xulosasi maʼqullansin.
3. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (U.Xalimov), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (M.Kazakov) nom berilgan koʻchalarga tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (M.Kazakov)ga koʻcha nomlari aks etgan peshlavhalar va boshqa koʻrsatkichlardagi yozuvlarni davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida) yozilishini taʼminlash hamda ayrim koʻchalarning yangidan nomlanishi munosabati bilan aholi oʻrtasida targʻibot- tashviqot ishlarini oʻtkazish tavsiya etilsin.
5. Tuman Statistika boʻlimi (D.Abayev), Davlat kadastrlari palatasi Pastdargʻom tumani filiali (B.Sadinov) mazkur qarorning ilovasida koʻrsatilgan koʻchalarning nomini belgilangan tartibda statistik hisobotlarda aks ettirilishini va ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishi taʼminlasin.
6. “Geografik obyektlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-303-son Qonunning 16-moddasiga koʻra, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasiga ushbu geografik obyektlarga nom berilganligi va ularning nomlari oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun 10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasiga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
7. “Geografik obyektlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-303-son Qonunning 20-moddasiga koʻra, aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tegishli mahalliy budjet hisobidan amalga oshirilishi koʻrsatilgan. Qonunga koʻra, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (U.Maxmanazarov)ga belgilangan tartibda moliyalashtirish vazifasi yuklatilsin.
8. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi rahbari (M.Kazakov), tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (B.Joʻrayev) bilan birgalikda nom berilgan koʻchalarga belgilangan tartibda zamonaviy talablar asosida peshlavha (koʻcha nomi yozilgan tablechka) va koʻrsatkich belgilarini oʻrnatishni taʼminlasin.
9. Tuman hokimligi Axborot xizmatiga Oʻzbekiston Respublikasi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida” hamda “Davlat tili haqida”gi Qonunlari talablari asosida ushbu olib borilgan ishlarni ommaviy-axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Qonuniylikni taʼminlash, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyasi hamda tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (O.Norimova) zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi RAXMANOV SHERZOD SHUXRATOVICH
Samarqand viloyati, Pastdargʻom tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-20-139-7-101-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.