XALQ DEPUTATLARI BUXORO TUMANI KENGASHINING
Qarori
Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024 yildan boshlab:
har yili 1 aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1 oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Shunga asosan, xalq deputatlari Buxoro tumani Kengashining 2025 yil 26 apreldagi “Buxoro tumanida 2025 yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-8-58-2-32-K/25 -son qarorining 1-ilovasi bilan “Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchilarning suv olish limitlari” tasdiqlanib, bunda 2025 yil vegetatsiya mavsumida jami 134,53 mln.m3, shu jumladan, dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqa yerlariga 30,0 mln.m3, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar (suv isteʼmolchilar)ga 104,46 mln.m3 suv resurslari ajratilishi kutilgan edi.
Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2025 yil 30 oktabrdagi 187-son hamda “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2025 yil 28 noyabrdagi 76/1-son buyruqlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 37-bandiga muvofiq, sugʻorish mavsumi yakuni manbalardagi suvning haqiqiy miqdorini hisobga olgan holda, isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan suv resurslarini cheklangan suv miqdorlarini inobatga olgan holda, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini qayta tasdiqlash haqida belgilangan vazifalarga asosan Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
Shuningdek, Buxoro tumanida 2025 yilgi vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilarga jami 151,7 mln.m3, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar (suv isteʼmolchilar)ga 99,7 mln.m3, dehqon xoʻjaliklari uchun 18 mln.m3 hamda aholi tomorqa yerlariga 34 mln.m3 suv resurslari ajratildi.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Buxoro tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi PQ-5-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2025 yil 30 oktabrdagi 187-son va “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2025 yil 28 noyabrdagi 76/1-son buyruqlari hamda Buxoro tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025 yil 22 dekabrdagi 57-sonli xati inobatga olinsin.
2. Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori R. Sarievning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun qoʻyidagi:
Buxoro tumanida 2025 yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchi yakuniy isteʼmolchilarning suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi K. Abdullayev, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (R. Sariyev)ga tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga:
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan joylarga chiqqan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish;
har oyda oʻrganishlar natijasida suv resurslarini tumanda belgilangan limitdan ortiqcha olgan suv isteʼmolchilarini doimiy komissiya yigʻilishlarida ishtirokini taʼminlash va ularning hisobot (axborot)larini eshitish;
2025 yil davomida tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslaridan samarali foydalanayotganligi yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlarining hisobot (axborot)larini xalq deputatlari tuman Kengashining sessiya kun tartibiga kiritilishini nazoratga olsin.
6. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xalq deputatlari tuman Kengashining 2025 yil 26 apreldagi “Buxoro tumanida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-8-58-2-32-K/25-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi K. Abdullayevga, ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi NABIYEV RASHID MAXMUDOVICH
Buxoro viloyati, Buxoro tumani,
2026-yil 20-yanvar,
VII-17-13-2-32-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.