XALQ DEPUTATLARI XATIRCHI TUMANI KENGASHINING
qarori
Xatirchi tumanining 2026 yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025 yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining qaroriga muvofiq hamda Navoiy viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01-12/20-01-38/3533-sonli xatini inobatga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari xalq deputatlari Xatirchi tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025 yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Xatirchi tuman budjetining 2026 yilgi daromadlari 170 393,7 mln. soʻm va xarajatlari esa 170 393,7 mln. soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Xatirchi tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1640,2 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026 yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026 yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026 yil uchun 2 198,0 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari U. Baxriddinov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (O. Ernazarov), tuman soliq inspeksiyasi (A. Keldiyorov) bilan birgalikda 2026 yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Xatirchi tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (D. Eshnazarov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari U. Baxriddinov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi U. ADIZOV
Navoiy viloyati, Xatirchi tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-15-124-5-77-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.