XALQ DEPUTATLARI NUROTA TUMANI KENGASHINING
qarori
Nurota tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-22-165-5-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Navoiy viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01-12/20-01-38/3536-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Nurota tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuni ijro va rahbarlik uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputadlari Navoiy viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-22-165-5-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq, Nurota tuman mahalliy budjetining 2026-yil uchun daromadlari 101 590 475,0 ming soʻm, xarajatlari 109 604 696,0 ming soʻm prognoz qilinganligi hamda viloyat budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 8 014 221,0 ming soʻm miqdorida tasdiqlanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. 2026-yil uchun Nurota tumanini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi hamda 2026-yilga maqsadli moʻljallari 1-ilovaga muvofiq, 2026-yil uchun tuman mahalliy budjeti daromadlari prognozi 2-ilovaga muvofiq ma'lumot uchun qabul qilinsin.
4. 2026-yil uchun tumanning hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. 2026-yil uchun tuman budjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. 2026-yil uchun tuman mahalliy budjetining daromadlari va xarajatlarining prognozi 5-ilovaga muvofiq ma'lumot uchun qabul qilinsin.
7. 2026-yil uchun Navoiy viloyatining viloyat budjetidan Nurota tuman mahalliy budjetiga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdori 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. 2026-yil uchun tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi oʻtgan yilgidan kam boʻlmagan miqdorda 1 444 334,0 ming soʻm etib tasdiqlansin.
Tuman budjetini ijro etishda yuqori turuvchi budjetdan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning prognozidan oshgan qismi uchun tegishli budjetlarining zaxira jamgʻarmalar miqdorlariga aniqlashtirish kiritilmasligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
9. 2026-yil uchun tuman budjeti shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1 023 653,0 ming soʻm miqdorda belgilansin.
10. Xalq deputatlari tuman Kengashiga keyingi soliq davri uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun belgilangan soliq stavkalariga tegishlicha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hududda joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida kiritilishini ta'minlash tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Qonuni bilan 2026-yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy budjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy budjet xarajatlarini hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash boʻyicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin.
Shuningdek, 2026-yilda quyidagi soliq turlari:
a) tuman budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soligʻi;
Jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
Mol mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi;
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
Noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq;
Aylanmadan olinadigan soliq;
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
Yuridik shaxslar yer soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
Davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar.
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi A. Boʻriyev, Soliq inspeksiyasi F. Usmonov mas'ul tashkilotlar bilan birgalikda:
tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirish;
mahalliy budjeti prognoz koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish;
budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va mas'uliyatni yanada kuchaytirish;
tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini ta'minlash;
budjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha rezervlarni aniqlash zarurligiga alohida e'tibor qaratsin.
12. Tuman soliq inspeksiyasi F. Usmonov Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini kuchaytirish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini ta'minlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
Bunda, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targʻib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida e'tibor qaratsinlar.
Xatlov ishlarini samarali tashkil etish orqali yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish vazifasi yuklatilsin.
13. Tuman soliq inspeksiyasi F. Usmonov, Kadastr agentligi tuman boʻlimi E. Roʻzimurodov 2026-yildan boshlab yuridik shaxslar mol-mulk soligʻini hisoblashda koʻchmas mulklarga 1 kvadrat metr uchun minimal miqdorlar joriy etilganligidan kelib chiqib, tumanda mavjud soliq toʻlovchilarning mol-mulklari maydonlarini chuqur tahlil etgan holda ushbu mol-mulklarga nisbatan soliqlarni toʻliq hisoblanishini ta'minlasin.
14. Tuman soliq inspeksiyasi F. Usmonov, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda:
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlarni aniqlash boʻyicha xatlovlar oʻtkazish;
xatlov natijalari boʻyicha aniqlangan noqonuniy faoliyat olib borayotgan karerlar faoliyatini qonuniylashtirish hamda ularni soliq bazasiga qamrab olish;
noruda qurilish materiallarini qazib olish sohasida faoliyat olib borayotgan karerlar tomonidan qazib olinayotgan noruda qurilish materiallar hajmining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
Bunda, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan karerlarning qazib olish hajmlarini doimiy tahlil qilib borish hamda zarur hollarda qazib olish hajmlarini aniqlashda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan “marksheydrlik” xizmatlaridan foydalanish lozimligi alohida belgilab qoʻyilsin.
15. Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi Sh. Boboyev tuman soliq inspeksiyasi F. Usmonov bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsin hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrish vazifasi yuklatilsin.
16. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi I. Amonov jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari boʻyicha joriy hisoblangan soliqlarni hamda ushbu soliqlardan mavjud soliq qarzdorliklarini undirish yuzasidan soliq organlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
17. Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari xavza boshqarmasi tuman boʻlimi Sh. Yalgʻashev va tuman soliq ispeksiyasi F. Usmonov bilan birgalikda tumanda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur iste'mol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan iste'mol qilinayotgan suv resuslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida e'tibor qaratilsin.
18. Kengashning mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi:
mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hokimlik tomonidan taqdim etilgan takliflari asosida budjet qonunchiligiga toʻliq rioya etilgan holda Kengash qaror loyihasini ishlab chiqilishiga;
Kengash qarori asosida mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli foydalanishi ustidan nazorat oʻrnatishga va natijalari boʻyicha tavsiyalar berishga monitoring qilishga;
mahalliy budjet xarajatlarining qonunchilikda belgilangan qismining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishida ishtirok etadi va ushbu mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas'ul etib belgilansin.
19. Tuman hokimligi:
Tuman budjeti jami xarajatlarining qonunchilikda belgilangan qismi hamda shakllangan qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga yoʻnaltirsin.
Bunda, tuman xalq deputatlari, Yoshlar ishlar agentligi, tuman hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari hamda yangi joriy etilgan hokim yordamchilari budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash maqsadida aholiga keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga ma'sul etib belgilansin;
mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari olib borilayotgan ob'ektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-ta'mirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi ma'lumotlar har chorak yakunlariga koʻra, keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar majburiy tartibda tuman hokimligi rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilsin.
20. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Boʻriyev, xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tegishli korxona va tashkilotlar raxbarlari:
mahalliy budjet daromad va xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar;
ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi yuzasidan erishilgan natijalar boʻyicha Kengashga har bir chorakda kamida bir marotaba hisobot kiritib borsin.
21. Tuman hokimligi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ta'minlasin.
22. Mazkur qarorni tuman ommaviy-axborot tarmoqlarida rasmiy e'lon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
23. Ushbu qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
24. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi va tuman hokimligi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi A. FAYZIYEV
Navoiy viloyati, Nurota tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-17-126-5-74-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.