XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Samarqand viloyatining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida” OʻRQ-1105-son Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yil 20-oktabrdagi (02-1515-son) va Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 25-dekabrdagi (01/57-1-29239-son) xatlarini inobatga olib, Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq, yigirma toʻrtinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur Qonunga muvofiq Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2026-yilgi daromadlari 7 200,0 mlrd.soʻm va xarajatlari 8 903,3 mlrd.soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 1 703,3 mlrd.soʻm miqdorida, shundan aksiz soligʻi tushumlari hisobidan ajratiladigan transfertlar 406,9 mlrd.soʻm miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Samarqand viloyatining viloyat byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy bashorat koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
Samarqand viloyatining viloyat byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga;
2026-yil uchun viloyat, tumanlar va shaharlar mahalliy byudjetlariga umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlar boʻyicha belgilanadigan meʼyorlari 3-ilovaga;
Bunda, mazkur qaror qabul qilingandan soʻng bir kun muddatda tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari boʻyicha viloyatning viloyat byudjeti bilan tumanlar va shaharlar byudjetlarining taqsimotini oʻrnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga” Samarqand viloyati Gʻaznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan kiritilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2026-yil daromadlari va xarajatlarning chegaraviy hajmi 4-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. 2026-yil uchun viloyat byudjet, tumanlar va shaharlar byudjetlari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 5-ilovaga muvofiq belgilansin.
6. Viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 47,9 mlrd.soʻm miqdorida belgilansin.
2026-yil uchun Samarqand viloyatning viloyat byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalari tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar byudjetlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga doir mablagʻlari mustasno) kamida 1,0 foizi miqdorida shakllantiriladi.
Bunda, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdori oldingi yildagi hajmidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirilishi hamda qoʻshimcha mablagʻlarni shakllantirish viloyatning viloyat byudjeti zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirilganligi inobatga olinsin.
7. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 6-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 kv.m uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 7-ilovaga;
noturar koʻchmas mulk obyektlarining mol-mulk soligʻi boʻyicha 1 kv.m maydon uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatga nisbatan kiritilayotgan koeffitsiyentlar 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Buranov), viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat Soliq boshqarmasi (F.Babayev), tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Tumanlar va shaharlar hokimliklari, hududiy byudjet mablagʻlari taqsimlovchilar 2026-yil uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, byudjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va masʼuliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy byudjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushumini taʼminlash hamda byudjet daromadlar bazasini oshirish va qoʻshimcha manbalarni aniqlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratsin.
10. Viloyat Soliq boshqarmasi (F.Babayev) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib:
soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni oʻz vaqtida byudjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini oʻrnatish;
yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari boʻyicha doimiy tahlililar oʻtkazgan holda, soliqlarni toʻliq hisoblanishini taʼminlash hamda ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha soliq qarzdorligiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
aylanmadan soliq turi boʻyicha soliq toʻlovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida toʻliq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini oʻrnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
yer va mol-mulk soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali va muntazam tashkil etib borish vazifalari yuklatilsin.
11. Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi (B.Xaydarov), viloyat Soliq boshqarmasi (F.Babayev):
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha mavjud soliq qarzdorliklarini byudjetga undirish yuzasidan tegishli choralar koʻrib borsin;
har chorak yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar koʻrsin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi (A.Egamov), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasi (A.Yangiboyev):
boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini aniqlash boʻyicha doimiy ravishda xatlov ishlarini tashkil etish;
xatlov natijalariga koʻra viloyatda mavjud boʻsh turgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirish, ijaraga berish yoki sotish boʻyicha tegishli takliflar tayyorlanishini taʼminlasin.
13. “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (F.Rajabov), viloyat Soliq boshqarmasi (F.Babayev), tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda viloyatda sugʻorishga sarflanayotgan suv hajmlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur isteʼmol hajmlari boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻliq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy byudjetlarga toʻliq undirib olish vazifasi yuklatilsin.
Bunda, qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan isteʼmol qilinayotgan suv resurslari hajmlari va ushbu hajmlar boʻyicha hisoblanayotgan suv soliqlari boʻyicha doimiy tahlillar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilsin.
14. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (T.Aripov), Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi (B.Xaydarov) viloyatda byudjetga hisoblangan boj, jarima va yigʻimlarni oʻz vaqtida toʻliq byudjetga undirish choralarini koʻrib borsinlar.
15. Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda tuman (shahar) hokimlari Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksining 27 va 28-moddalarida belgilangan byudjet sohasidagi vakolatlaridan kelib chiqib, byudjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi hamda byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
16. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga hisobot berib borsin.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
17. Raqobatni rivojlanlantirish va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi (B.Toyirov), viloyat hokimligi huzuridagi Tashqi reklamani muvofiqlashtirish boʻlinmasi rahbari (J.Negmatov) hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari tashqi reklama obyektlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi reklama obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin hamda ushbu shartnomalar boʻyicha yigʻimlarni byudjetga toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi (Sh.Boboqulov) byudjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida axborot berib borish tavsiya etilsin.
19. Viloyat hokimligi axborot xizmati – matbuot kotibi (M.Ixtiyorov) viloyat televideniyesi (D.Ismatov), “Zarafshon” va “Самаркандский вестник” gazetalari birlashgan tahririyati (F.Toshev), “Овози Самарқанд” gazetasi (B.Raxmonov) ommaviy axborot vositalari orqali Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilinishi hamda hokimliklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishi tavsiya etilsin.
20. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (M.Poʻlatov) hamda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Buranov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi NEGMATOV SHUHRAT XUDOYBERDIYEVICH
Samarqand viloyati,
2025-yil 30-dekabr,
VII-24-191-7-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.