XALQ DEPUTATLARI GʻIJDUVON TUMANI KENGASHINING
qarori
Gʻijduvon tumanida 2025-yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab:
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Shunga asosan, xalq deputatlari Gʻijduvontumani Kengashining 2025-yil 1-maydagi VII-10-57-2-34-K/25-sonli qarorining 1-ilovasi bilan “Gʻijduvon tumanida 2025-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchilarning suv olish limitlari” tasdiqlangan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 30-oktabrdagi 187-son hamda “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2025-yil 28-noyabrdagi 76/1-son buyruqlariga asosan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 37-bandiga muvofiq tumanda 2025-yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini oʻzgartirish va tasdiqlash taklifi kiritilmoqda.
Tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida manbalardan kutilgan suvliligi nisbatan ortiq suv boʻlib 227,3 mln. metr3 suv tuman chegarasiga qabul qilib olingan. Limitlarni taqsimlashda isteʼmolchilarning sugʻorish mavsumida foydalangan suviga nisbatan qayta hisoblab chiqilgan.
Xoʻjaliklararo tarmoqlarning foydali ish koeffitsiyenti 85 foiz, ichki sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 73 foizni tashkil etib, isteʼmolchilarga 227,3 mln. metr3 ajratilgan limitdan 218,4 mln. metr3 sugʻorish uchun, 8,9 mln. metr3 suv kommunal va tuman ehtiyojlari uchun ajratilgan.
Shundan, tuman boʻyicha fermer xoʻjaliklar, MChJ va baliqchilik xoʻjaliklariga 81,006 mln. metr3, dehqon xoʻjaliklariga 15,900 mln. metr3 va MFYlarga 42,444 mln. metr3, jami 139,350 mln. metr3 suv olish limitlari qayta taqsimlanib chiqildi.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 30-oktabrdagi 187-sonli va “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2025-yil 28-noyabrdagi 76/1-sonli buyruqlari hamda Gʻijduvontumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 23-dekabrdagi 173-sonli xati inobatga olinsin.
2. Gʻijduvon tumanida 2025-yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori Y. Yarashevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Xalq deputatlari tuman Kengashining 2025-yil 1-maydagi VII-10-57-2-34-K/25-sonli qarori 3-bandi bilan tasdiqlangan 1-ilovasiga mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosari F. Jabborov, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y. Yarashev)ga tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga:
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan joylarga chiqgan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish;
suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlarining doimiy komissiya yigʻilishlarida hisobot (axborot)lari eshitilishini nazoratga olsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining oʻrinbosari (F. Jabborov), tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y. Yarashev)ga ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi N. DUSHAMOV
Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumani,
2026-yil 13-yanvar,
VII-20-10-2-34-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.