XALQ DEPUTATLARI QORAKOʻL TUMANI KENGASHINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obʼyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan tumandagi ayrim koʻchalarni nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi “Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 1010-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida Davlat kadastrlar palatasi Respublika toponimika xizmati boshqarmasi bilan hamkorlikda Qorakoʻl tumanidagi 45 ta mahalla fuqarolar yigʻinida xatlov oʻtkazildi. Xatlov natijasida, tuman hududida nomsiz koʻchalar, shuningdek sohaga oid amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmaydigan hamda Geografik obyektlar nomlari davlat reyestri maʼlumotlar bazasiga notoʻgʻri kiritilgan koʻcha nomlari aniqlandi.
Har bir mahallaning xaritalari chizilib, nomsiz koʻchalar va ularning toifalari aniqlandi. Ushbu aniqlangan nomsiz koʻchalarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflar davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Buxoro viloyati hokimligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining ekspert komissiyasiga taqdim qilingan. Oʻz navbatida mazkur ekspert komissiyasi tomonidan taqdim etilgan koʻcha nomlarining qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi haqida ekspert xulosalari berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 1-dekabrdagi 03-08-13562-sonli yigʻilish bayoni qaroridan kelib chiqib, xalq deputatlari Qorakoʻl tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 1-dekabrdagi 03-08-13562-sonli ekspert xulosasi maʼqullanib, tumandagi koʻchalar nomi ilovaga muvofiq nomlansin.
2. Tumandagi tegishli boʻlgan korxona va tashkilotlar mazkur qarordan kelib chiqib tegishli hujjat va hisobotlariga belgilangan tartibda oʻzgartishlar kiritsin.
3. Tuman hokimligi axborot xizmati (F. Toʻraqulov), “Qorakoʻl sadosi” gazetasi tahririyati (O. Tangriyev)ga tuman hokimligining veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari, shuningdek, “Qorakoʻl sadosi” gazetasi orqali mazkur qarorning yoritilishini taʼminlash topshirilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash Xalq deputatlari Qorakoʻl tumani Kengashining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi S. Shermuhammedova hamda tuman hokimi maslahatchisi Sh. Hamroyev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi M. FATULLAYEV
Buxoro viloyati, Qoraloʻl tumani,
2026-yil 13-yanvar,
VII-20-1-2-37-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.