XALQ DEPUTATLARI SURXONDARYO VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari narxlari (tariflari)ni belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 22-iyuldagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida” OʻRQ-784-son Qonunining 46-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari hamda 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-son Qonunining 4-moddasi 16-bandiga muvofiq, deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-sentabrdagi 22-19-10/53-sonli hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish viloyat hududiy boshqarmasining 2025-yil 24-sentabrdagi 01-05/5748-sonli xulosa va Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasining 2025-yil 18-noyabrdagi 10/03-25-sonli xatiga asosan viloyatdagi suv taʼminoti xizmatlari uchun narx (tarif)larni belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi narx (tarif)lari 1-ilovaga hamda aholi uchun ichimlik suvidan suv oʻlchagichsiz foydalanish tariflari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasi (Gʻ. Daminov) bir oy muddatda ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha xizmatlardan foydalanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan belgilangan tartibda shartnomalar imzolasin.
4. Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasi (Gʻ. Daminov) 15 kun muddatda Termiz temir yoʻl suv taʼminoti shuʼba korxonasi tomonidan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanayotgan Termiz shahridagi 7 ta (“Yulduz”, “Temir yoʻlchi”, “Shifokor”, “Kokildor ota”, “Alisher Navoiy”, “Katta bogʻ”, “Navroʻz”) mahallalarda ichimlik suvi narxining oshirilish sabablari toʻgʻrisida targʻibot va tashviqot ishlari olib borsin.
5. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2024-yil 19-iyunidagi “Termiz temir yoʻl suv taʼminoti” shuʼba korxonasida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari narxlari (tariflari)ni belgilash toʻgʻrisida” VI-86-108-8-0-K/24-son qarori bekor qilinsin.
5. Viloyat teleradiokompaniyasi (B. Mingboyev), “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalari tahririyati (S. Norqobilov)ga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida va internet tarmoqlarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (I. Yoqubov) zimmasiga yuklansin.
7. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingandan keyin oʻn besh kun oʻtgach kuchga kiradi.
Kengash raisi CHORIYEV ABDURAIM RAVSHANOVICH
Surxondaryo viloyati,
2026-yil 15-yanvar,
VII-17-4-8-0-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.