XALQ DEPUTATLARI JARQOʻRGʻON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Jarqoʻrgʻon tumani boʻyicha 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va yer qaʼridan foydalanganlik uchun bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1014-sonli Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 445-, 452-moddalariga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, 2026-yilda Jarqoʻrgʻon tumani boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va yer qaʼridan foydalanganlik uchun bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash yuzasidan tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi A. Almardonovning hisobotini tinglab hamda 2025-yil 16-dekabrdagi 14-09653-sonli xatini inobatga olib, sessiyada deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-, 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1014-sonli Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 445-, 452-moddalari rahbarlik va ijro uchun hamda tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi A. Almardonovning 2025-yil 16-dekabrdagi 14-09653-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Soliq inspeksiyasi hududlarning iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda shahar hokimligining 2026-yil uchun belgilangan mahalliy budjet prognozidan kelib chiqib, shahar boʻyicha 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining mutlaq miqdorlariga nisbatan kamaytiriluvchi va oshiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash boʻyicha takliflari inobatga olib:
2026-yil uchun Jarqoʻrgʻon tumani bоʻyicha Suv soligʻi uchun soliq stavkasi 1-ilovaga hamda Jarqoʻrgʻon tumani hududida yer qaridan foydanilganlik uchun soliq stavkasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, xalq deputatlari tuman Kengashiga ushbu qarorning 1-2-ilovalariga asosan belgilangan soliq stavkalariga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni kelgusi yil uchun mahalliy budjet daromadlari prognozidan, tumanda iqtisodiy faollikning tiklanganligi hamda aholi va tadbirkorlarning daromadlari barqarorlashganligidan kelib chiqqan holda qoʻllashlari tavsiya etilsin.
3. Jarqoʻrgʻon tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (R. Xamrayev), tuman Soliq inspeksiyasi (A. Almardanov) bilan birgalikda mazkur qaror oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin. Bunda:
2026-yil uchun yer qaʼridan foydalanganlik hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarini oʻz vaqtida va toʻliq toʻlab borishlarini nazoratga olish;
2026-yil uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun yer soligʻi va undirilgan soliqlar toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman Kengashiga har chorakda hisobot berib borish vazifasi yuklatilsin.
4. Xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tuman Kengashining 2025-yil 1-martdagi “Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsientlar hamda noruda qurilish materiallari uchun belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsientlar toʻgʻrisida”gi VII-6-31-8-112-K/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Tuman hokimligi matbuot xizmati va “Janub gavxari” gazetasi tahririyati (D. Choriyeva)ga, “Jarqoʻrgʻon” gazetasi tahririyatiga mazkur qarorni ijtimoiy tarmoqlar hamda tuman hokimligining rasmiy sahifalaiga yoritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qaror ijrosining nazorati tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (R. Xamrayev) hamda xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Toshpoʻlatov) zimmasiga yuklansin
7. Ushbu qaror tasdiqlangan kundan kuchga kiradi.
Sessiya raisi AVAZOV ELMUROD ROʻZIMURODOVICH
Surxondaryo viloyati, Jarqoʻrgʻon tumani,
2026-yil 9-yanvar,
VII-15-1-8-112-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.