XALQ DEPUTATLARI RISHTON TUMANI KENGASHINING
qarori
Rishton tumanining 2026 yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining 2025-yil 29- dekabrdagi VII-15-160-11-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Fargʻona viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29- dekabrdagi 01/07-17/10009-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Rishton tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining 2025-yil 29- dekabrdagi VII-15-160-11-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Rishton tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 180 479,4 mln. soʻm va xarajatlari 180 479,4 mln. soʻmga tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 799,0 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 170,6 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 3-ilovaga muvofiq,
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sement ishlab chiqarish uchun moʻljallangan ohaktoshdan tashqari) qatʼiy belgilangan soliq stavkalari quyidagi miqdorlar 5-ilovaga;
soliq solish maqsadida qoʻllaniladigan koʻchmas mulk obʼektlarining ijarasi qiymatining 1 kvadrat metri uchun oʻrnatilayotgan minimal miqdorlar 6-ilovaga;
tuman boʻyicha belgilangan limit doirasida yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suv resurslariga mutlaq miqdorda bir kub metr uchun belgilangan soliq stavkalari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari D. Rahmonqulov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (I. Djuraev), tuman soliq inspeksiyasi (S. Nurmatova) bilan birgalikda 2026 yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Rishton tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Z. Ahmedov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari D. Rahmonqulov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi B. XOLIKOV
Fargʻona viloyati, Rishton tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-96-11-158-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.