XALQ DEPUTATLARI YOZYOVON TUMANI KENGASHINING
qarori
Yozyovon tumanining 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27,99-moddalari, “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025 yil 25 dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining 2025 yil 29 dekabrdagi 15-sessiyasida tasdiqlangan qarori hamda Fargʻona viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025 yil 25 dekabrdagi 01/07/17/10010-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Ёзёвон Kengashi qaror qiladi:
1. “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025 yil 25 dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining 2025 yil 29 dekabrdagi 15- sessiyasida tasdiqlangan Kengash qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Yozyovon tuman budjetining 2026 yilgi daromadlari 121 mlrd 177.0 mln. soʻm va xarajatlari esa 121 mlrd 777.0 mln. soʻmga belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi, shuningdek Yozyovon tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 471.0 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026 yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
tuman byudjetidan 2026 yildagi xarajatlarini hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari kesimida ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026 yil uchun1 mlrd 439.8 mln soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar 3-ilovaga muvofiq,
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sement ishlab chiqarish uchun moʻljallangan ohaktoshdan tashqari) qatʼiy belgilangan soliq stavkalari quyidagi miqdorlar 5-ilovaga;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining 1 kvadrat metri uchun eng kam stavkalari 6-ilovaga;
2016 yilda suv soligʻi stavkasi 7 ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Eraliyev, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S. Mirzayev), tuman soliq inspeksiyasi (Y. Komilov) bilan birgalikda 2026 yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Yozyovon tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (A. Qoʻchqorov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Eraliyev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi D. DJALILOV
Fargʻona viloyati, Yozyovon tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-14-85-11-165-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.