XALQ DEPUTATLARI ANGOR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Angor tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining 2025-yil 26-dekabrdagi VII-17-173-8-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Surxondaryo viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 26-dekabrdagi 22-13-04/142-sonli xatini inobatga olib, Xalq deputatlari Angor tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining 2025-yil 25-dekabrdagi VII-17-173-8-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Angor tumani budjetining 2026-yilgi daromadlari 106 116 740.0 ming.soʻm va xarajatlari esa 106 116 740.0 ming.soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq;
tuman mahalliy budjetining 2026-yil daromadlari va xarajatlarining chegaraviy hajmi 3-ilovaga muvofiq;
tuman budjetiga 2026-yilda umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlar hamda soliq boʻlmagan toʻlovlar boʻyicha belgilanadigan ajratma meyorlari 4-ilovaga muvofiq;
tuman mahalliy budjetida 2026-yil uchun yoʻl qoʻyiladigan eng kam mablagʻlar miqdori 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 mlrd 333 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (U. Yuldashev), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S. Kuchkarov), tuman Soliq inspeksiyasi (I. Xudoyqulov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Angor tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni boʻyicha doimiy komissiyasi (R. Qabulova) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (U. Yuldashev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi MARDONOV QOSIM ESONOVICH
Surxondaryo viloyati, Angor tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-17-149-8-109-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.