Xalq deputatlari Forish tuman Kengashining
Qarori
Forish tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27-, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-23-350-3-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Jizzax viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 02-01-01-177-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Forish Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-23-350-3-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Forish tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 91 035 056,0 ming soʻm va xarajatlari ham 91 035 056,0 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Forish tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 483 000,0 ming soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq, tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, 2025-yilda umumdavlat soliqlaridan tuman mahalliy budjetiga ajratmalar meʼyori 3-ilovaga muvofiq, tuman mahalliy byudjetining 2026-yil daromadlari va xarajatlariing chegaraviy hajmi 4-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy byudjetida yo'l qo'yiladigan eng kam mablag'lar miqdori 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tumanning iqtisodiy salohiyati va rivojlanishiga qarab 2026-yil uchun yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarining 1 gektariga belgilangan yer soligʻi stavkasi, jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan tashqari) 1 kv. metr uchun belgilangan yer soligʻi stavkasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 174 488,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh. Uzoqov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (F. Karimov), tuman soliq inspeksiyasi (S. Xafizov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda,hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
Budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Forish tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (B. Botirov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh. Uzoqov zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sessiyaga raislik qiluvchi SHAKAROV SAFAR BARATOVICH
Jizzax viloyati, Forish tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-16-119-3-53-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.