XALQ DEPUTATLARI SHOʻRCHI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Shoʻrchi tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-,24-moddalari, Budjet kodeksining 27-,99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida” OʻRQ-1105-son Qonuniga muvofiq, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining 2025- yil 26-dekabrdagi VII-17-173-8-0-K25-son qarori hamda Surxondaryo viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 26-dekabrdagi 22-13-04/140-sonli, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimining 2025-yil 19-noyabrdagi 01-01-29/15-son xatini inobatga olib, xalq deputatlari Shoʻrchi tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining 2025-yil 26-dekabrdagi VII-17-173-8-0-K25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Shoʻrchi tuman budjetining 2026-yilgi daromadlari 147 524 370 ming soʻm va xarajatlari esa 147 524 370 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Shoʻrchi tuman budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 425 191 ming soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 695 000 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (M. Chorshanbiyev), tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A. Soatov), tuman soliq inspeksiyasi (Sh. Zokirov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari (N. Shoyeva)ga:
Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Shoʻrchi tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (M. Yuldoshev) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (M. Chorshanbiyev) zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Sessiya raisi MAMASHUKUROV OLIMJON KAYUMOVICH
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-16-165-8-120-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.