XALQ DEPUTATLARI ROMITAN TUMANI KENGASHINING
Qarori
Romitan tumanning 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-21-112-2-0-K/25-son qaroriga muvofiq, xalq deputatlari Romitan tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Romitan tuman mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 131,666 mlrd.soʻm hamda mutanosib ravishda xarajatlari 131,666 mlrd.soʻmga tasdiqlanganligi, shuningdek, Romitan tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1,137 mlrd.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Romitan tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda Romitan tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, Romitan tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Romitan tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1,874 mlrd.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Romitan tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sh.Poʻlotov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S.Abdullayev), tuman soliq inspeksiyasi (J.Fozilov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda shahar hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Romitan tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (N.Raxmatov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari SH.Pulotov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi BARNOYEV UMEDJON ISOYEVICH
Buxoro viloyati, Romitan tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-18-148-2-40-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.