XALQ DEPUTATLARI BUXORO SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Buxoro shahrining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25- dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-21-112-2-0-K/25-son qaroriga muvofiq, xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25- dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2025-yil 30-dekabrdagi VII-21-112-2-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Buxoro shahar mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 263 951,6 mln.soʻm hamda mutanosib ravishda xarajatlari 263 951,6 mln.soʻmga tasdiqlanganligi, shuningdek, Buxoro shahar mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisob varagʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 2 214,0 mln.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Buxoro shahar mahalliy budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda shahar mahalliy budjetidan 2026-yilda budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, shahar mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Buxoro shahar mahalliy budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 914,2 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Buxoro shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Sh.Karimov), shahar soliq inspeksiyasi (A.Gʻafurov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda shahar hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari shahar Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi (B.Maʼmurov) hamda shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari U.Zadayev zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi Q. I. TURSUNOV
Buxoro viloyati, Buxoro sh.,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-103-2-42-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.