XALQ DEPUTATLARI QORAKOʻL TUMANI KENGASHINING
Qarori
Qorakoʻl tumanning 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son qonuniga va xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-112-2-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq, xalq deputatlari Qorakoʻl tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-112-2-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Qorakoʻl tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 153,88 mlrd.soʻm hamda mutanosib ravishda xarajatlari 153,88 mlrd.soʻmga tasdiqlanganligi, shuningdek, Qorakoʻl tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1,313 mlrd.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Qorakoʻl tumani budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda Qorakoʻl tumani budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, Qorakoʻl tumani mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qorakoʻl tumani budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2,159 mlrd.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Qorakoʻl tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari S.Husenov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A.Norboyev), tuman soliq inspeksiyasi (Sh.Hasanov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Qorakoʻl tumani Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (R.Xoʻjamurodov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari S.Husenov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi TOHIROV XURSHID YAHYOYEVICH
Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-151-2-37-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.