XALQ DEPUTATLARI SHOFIRKON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Shofirkon tumanining 2026 yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʼgʼrisida
Oʼzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʼgʼrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʼgʼrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi VII-21-112-2-0-K/25-sonli “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq hamda Buxoro viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining xatini inobatga olib, xalq deputatlari Shofirkon tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʼzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi qarori (keyingi oʼrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Shofirkon tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 145 mlrd. 854,2 mln. soʻm hamda mutanosib ravishda xarajatlari 145 mlrd. 854,2 mln. soʻmga tasdiqlanganligi, shuningdek, Shofirkon tuman mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʼlarining yoʻl qoʼyiladigan eng kam miqdori 1 mlrd. 290,0 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Shofirkon tumani budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda Shofirkon tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, Shofirkon tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shofirkon tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 mlrd. 141,0 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʼarmasi mablagʼlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Shofirkon tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari B.Salomov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (N.Naimov), tuman soliq inspeksiyasi (O.Muqimov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʼlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʼlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʼlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʼlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʼlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʼz vaqtida toʻlanishi;
oʼzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʼgʼri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʼliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʼlarning toʼgʼri taqsimlanishi;
oʼz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Shofirkon tuman Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni masalalari doimiy komissiyasi (N.Sadullayev) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʼallikni qisqartirish masalalari boʼyicha birinchi oʼrinbosari B.Salomov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi FAYZILLOYEV ALISHER ABDILLOYEVICH
Buxoro viloyati, Shofirkon tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-120-2-41-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.