XALQ DEPUTATLARI GʻIJDUVON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Gʻijduvon tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuniga va xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-112-2-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq, xalq deputatlari Gʻijduvon tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1105-sonli Qonuni hamda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyatining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-112-2-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Gʻijduvon tumani mahalliy byudjetining 2026-yilgi daromadlari 192 mlrd.208,2 mln. soʻm hamda mutanosib ravishda xarajatlari 192 mlrd.208,2 mln. soʻm tasdiqlanganligi, shuningdek, Gʻijduvon tumani mahalliy byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1 mlrd.531 mln. soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Gʻijduvon tumani mahalliy byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, tuman mahalliy byudjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Gʻijduvon tumani mahalliy byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 mlrd. 823 mln. soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi (A. Rajabov), tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi, tuman soliq inspeksiyasi (D. Muxtorov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari Gʻijduvon tumani Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror “Gʻijduvon” gazetasi va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Gʻijduvon tumani Kengashining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (M. Olimov) hamda Gʻijduvon tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Rajabov zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi RAXMATOVA MUSALLAM LATIPOVNA
Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-130-2-34-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.