XALQ DEPUTATLARI XORAZM VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Hazorasp, Shovot, Urganch tumanlari hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining bosh reja loyiha hujjatlarini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining 44, 45, 46-moddalariga asosan Urganch tumani Qumravot mahallasida, Shovot tumani Oq oltin mahallasida, Hazorasp tumani Ziyolilar mahallasida hamda Urganch tumani Oq ariklar mahallasida “Al-Xorazmiy” majmuasi hamda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilmoqda.
“Oʻzshaharsozlik LITI” bosh loyiha instituti davlat muassasasi tomonidan ushbu massivlarning bosh reja loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyat hokimligining 2025-yil 9-dekabrdagi 03-5-09/13243-sonli xati, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi hududiy Arxitektura-shaharsozlik kengashining 2025-yil 15-noyabrdagi B-186/2-sonli bayoni va viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasining 2025-yil 15-noyabrdagi B-1026-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Hazorasp tumani Ziyolilar mahallasi hududidan barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivining bosh reja loyihasi 1-ilovaga;
Shovot tumani Oq oltin mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivining bosh reja loyihasi 2-ilovaga;
Urganch tumani Qumravot mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivining bosh reja loyihasi 3-ilovaga;
Urganch tumani Oq ariklar mahallasi hududida barpo etilayotgan “Al-Xorazmiy” majmuasining bosh reja loyihasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Hazorasp, Shovot va Urganch tumanlari hokimliklari viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi (M.Kalandarov) bilan birgalikda oʻz vakolatlari doirasida:
tegishli mutasaddi tashkilot va idoralarni jalb etgan holda bosh reja loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlash;
massivlar hududi yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yoʻli bilan ulardan samarali foydalanish;
energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali muhandislik kommunikatsiya tuzilmasini (suv, elektr, gaz, issiqlik taʼminoti, telekommunikatsiya obyektlari, kanalizatsiya, irrigatsiya) qurish va rekonstruksiya qilish yoʻli bilan modernizatsiya qilish;
koʻp qavatli uy-joylar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olish obektlarini oqilona joylashtirish hamda bosh rejaga muvofiq, infratuzilmani rivojlantirish chorasini koʻrsin.
4. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi (Sh.Otayev) hududlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida qurilish obyektlari joylashtirilishini nazoratga olsin.
5. “Oʻzshaharsozlik LITI” bosh loyiha instituti davlat muassasasi tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirsin.
6. Ushbu qaror “Xorazm haqiqati” gazetasida rasman eʼlon qilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Ushbu qaror tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi raisi K.Igambergenov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi RADJABOV ALTIBAY BEGJANOVICH
Xorazm viloyati,
2025-yil 30-dekabr,
VII-16-158-12-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.