XALQ DEPUTATLARI UCHKOʻPRIK TUMANI KENGASHINING
qarori
Uchkoʻprik tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-15-160-11-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 01/07-17/10007-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-15-160-11-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda — qaror deb yuritiladi) Rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, tuman byudjetining 2026-yilgi daromadlari 162,5 mlrd soʻm va xarajatlari ham 162,5 mlrd soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi, shuningdek tuman byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 755,0 mln soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2,1 mlrd soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Quyidagilar:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutlaq miqdorda 1 gektar yer uchun belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar 3-ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) mutlaq miqdorda 1 m2 uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffisiyentlar 4-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sement ishlab chiqarish uchun moʻljallangan ohaktoshdan tashqari) qatʼiy belgilangan soliq stavkalari miqdorlari 5-ilovaga;
soliq solish maqsadida qoʻllaniladigan koʻchmas mulk ijara qiymatining 1 m2 uchun oʻrnatilayotgan minimal miqdori 6-ilovaga;
2026-yil uchun tuman boʻyicha suv soligʻi stavkasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Begmatov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Maxsudov), tuman soliq inspeksiyasi (Umarov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Ushbu Kengash qaroridan maʼlumot uchun viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga yuborilsin.
9. Mazkur Kengash qarori tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
10. Ushbu Kengash qarorining ijrosini taʼminlab borishga masʼul va shaxsiy javobgar etib tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Begmatov belgilansin.
Qaror bajarilishini nazorat qilish vazifasi xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi M. Dexqonov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi Q. ERKABOYEV
Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-23-274-11-162-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.